Favvoralar tinchlikdan darak
Suv – hayot ramzi, tirikligimizning bebaho ne’mati.
Ayniqsa, uning favvora bo‘lib otilishi, favvoradan marjon singari tomchilarning o‘ynoqlab tushishi, etlarni junbushga keltiradigan shabadasi qalblarimizga xushnudlik, zavqu shavq ulashadi.

Yurtimizning har bir go‘shasida, so‘lim manzillarida, bog‘u oromgohlarida barpo etilgan katta-kichik favvoralar atrofga go‘zallik bag‘ishlab, qalblarimizga huzur,tanamizga orom baxsh etadi.
Ma’lumki, har yili O‘zbekistonimizda 1 may “Favvoralar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu an’ana O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 23 apreldagi "Toshkent shahrida "Favvoralar sayli" yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda. Favvoralar sayli kattayu kichik barchaga birdek quvonch, xursandchilik, zavq, ko‘tarinkilik ulashadi.

Aslida bir-birini takrorlamaydigan dizayn va ko‘rinishga ega go‘zal favvoralar yurtimizning tinchligidan, osoyishtaligidan, farovonligiyu hurligidan darakdir. Shu bois ham yurtimizda yildan-yilga favvoralar soni ortib borayotir. Musiqali, zamonaviy, rang-barang jilolanuvchi turli favvoralar barpo etilib, yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlarning ko‘zini quvnatmoqda, dilini yayratmoqda, manzillarimiz ko‘rkiga ko‘rk, fayziga fayz qo‘shayotir. Poytaxtimizdagi Ma’rifat markazi va Simpoziumlar saroyi kirish qismidagi musiqali favvora, Sayilgoh maydoni ichki qismidagi favvora, “Bolajon” istirohat bog‘i favvorasi, “Interneshnl Toshkent” (sobiq “Interkontinental”) mehmonxonasi kirish qismidagi favvora, Xadra maydoni hamda O‘zbekiston davlat sirki binosiga kirish qismidagi favvora, “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi old maydonidagi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri oldidagi, Mustaqillik maydoni, qator istirohat bog‘lari hamda “Toshkent siti” hududidagi biri ikkinchisini takrorlamaydigan bejirim favvoralar... Bular poytaxtimizdagi favvoralarning ayrimlari xolos, viloyatlar miqyosida ushbu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Tarix kitoblarida favvoralar haqida ko‘zim tushgan o‘rinlardan ayrimlarini keltirsam. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniya elchisi Klavixo 1404 yilning sentyabr-noyabr oylarida Amir Temurning Dilkusho bog‘ida bo‘lganida behad hayratga tushgan. Chunki bu yerda ustalik bilan qurilgan favvoralarni u dunyoning hech qayerida uchratmagan edi. Keyinchalik u o‘z taassurotlarini quyidagicha bayon etgan: "Podshoh maxsus qurilgan baland o‘rindiqda o‘ltirar va uning oldida suvi tepaga otilib turgan favvora bo‘lib, unda qizil olmalar qalqib turardi…”

Darhaqiqat, XIV-XV asrlarda yurtimizda urf bo‘lgan favvoralar hali Yevropa xalqlari uchun notanish bo‘lgan. Qadimiy favvoralarni Alisher Navoiy asarlari va "Boburnoma"ga ishlangan miniatyuralarda ham ko‘rish mumkin. O‘z davrida favvoralar yoysimon, to‘rtburchak shakllarda bo‘lib, anvoyi gullar ularga yanada ko‘rkamlik baxsh etgan. Maxsus tayyorlangan sopol quvurlar orqali kelib, otilib chiqqan suv hovuzchalarga tushib, yana yopiq ariqlar orqali chiqib ketgan. Murakkab muhandislik-qurilish yechimi asosida barpo etiladigan favvoralar ajdodlarimizning zehni, bunyodkorlik salohiyati, me’morchilik san’ati naqadar yuksak bo‘lganligidan dalolatdir.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi dastlabki favvora 1890 yilda qurilgan bo‘lib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri bilan birga bunyod etilgan ekan. bugungi kunga kelib ularning soni ortib, maydoni, ko‘rinishi, rang-barangligi ham tubdan takomillashgan. Ayniqsa, eng so‘nggi zamonaviy uslubda barpo etilgan “Toshkent siti” hududidagi ko‘rkam favvora hamisha yurtdoshlarimiz va mehmonlar bilan gavjum. Uning ko‘rku tarovati, jilosi, dizayni, murakkab yechimga egaligi dunyodagi ko‘rkam favvoralardan qolishmaydi.
Farovon yurtimizning bu kabi so‘lim maskanlari, tinchlik va to‘qlikni, barqarorlikni tarannum etuvchi jilokor favvoralari yanada ko‘payaversin. Baxtiyor bolalarimizga zavqu shavq, quvonch, keksalarimizga xotirjamlik ulashaversin, yurtimizga fayzu tarovat qo‘shaversin.
Muhtarama Komilova,
O‘zA