Favvoralar saylgohi ish boshladi
Bugun mustaqilligimizning qutlugʻ yigirma sakkiz yilligi bayrami koʻp ming kishilik Navoiy kon-metallurgiya kombinati va uning boʻlinmalarida ham oʻziga xos koʻtarinkilik, mehnat zafarlari va sovgʻalar bilan qarshi olinmoqda.
Bugun mustaqilligimizning qutlugʻ yigirma sakkiz yilligi bayrami koʻp ming kishilik Navoiy kon-metallurgiya kombinati va uning boʻlinmalarida ham oʻziga xos koʻtarinkilik, mehnat zafarlari va sovgʻalar bilan qarshi olinmoqda.
Bu muvaffaqiyatlar kuni kecha Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat saroyida Markaziy kon boshqarmasi va boʻlinmalari, Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Agama” toʻquv-trikotaj fabrikasi, zargarlik buyumlari zavodi ilgʻorlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan tantanali bayram tadbirida ham alohida eʼtirof etildi.
Marosimda soʻz olgan kombinat bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Q.Sanaqulov kon-metallurgiya sohasida olib borilayotgan ulkan islohotlar, qoʻlga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar, istiqboldagi vazifalar haqida oʻz fikr-mulohaza va ezgu niyatlarini bildirdi.
Shundan soʻng bir guruh soha ilgʻorlariga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni, “NKMK faxriysi” unvoni hamda faxriy yorliqlar tantanali tarzda topshirildi.
Ayniqsa, “Oltin vodiy” madaniyat saroyi yakkaxon ijrochilari, badiiy jamoalar, shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Gʻulomjon Yoqubov tomonidan yangragan kuy-qoʻshiqlar muxlislarga xush kayfiyat bagʻishladi.
Shu kuni konchi va metallurglar avlodi istiqomat qilib kelayotgan zarafshonliklarga munosib bayram sovgʻasi tuhfa etildi. Jumladan, kombinat tomonidan shahar markazida barpo etilgan favvoralar saylgohining navbatdagi bosqichi foydalanishga topshirildi.
Ushbu aholi dam olish va madaniy hordiq chiqarish maskani, anvoyi gullar, rang-barang tovlanuvchi favvoralar va bezaklar jilosi, yaratilgan boshqa sharoitlar barchada havas va hayrat oʻygʻotdi.
Darvoqe, umumiy maydoni 2,8 gektarni tashkil etuvchi ushbu saylgohni qurish ishlarida Markaziy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Toshkent shahridagi “General Stroy” xususiy korxonasi jamoalarining xizmatlari eʼtirofga loyiq. Bu majmuani barpo etishda ular haqiqiy fidoiylik koʻrsatdi.
Ha, bugun buyuk Istiqlol neʼmatlaridan bahramand boʻlayotgan zarafshonliklar behad baxtiyor. Ular shunday jannatmakon yurtda yashayotganliklariga shukronalar aytmoqda.
Abdumajid JOʻRAYEV,
NKMK Matbuot markazi boshligʻi.