Farzandlar sog‘lom muhitda voyaga yetsin!
Har tomonlama taraqqiy etgan, iqtisodiyoti gullab-yashnayotgan mamlakatlarga havas qilamiz, chunki bunday yurtlar fuqarolari o‘ziga to‘q.
Ular tabiiy resurslardan boshqalarga nisbatan erkinroq bahramand bo‘ladi, iste’mol darajasi yuqori. Binobarin, iste’mol zanjiri shunday davom etishiga qarab baholansa, boy mamlakatlar aholisi ko‘proq ekologiyaga zarar keltiradi, atrof-muhitni ifloslantiradi. BMT Bolalar fondining “Innochenti” tadqiqotlar markazi tayyorlagan hisobot ma’ruzasida aynan shu haqda gap borgan.

Hisobotda aytilishicha, Finlandiya, Islandiya, Niderlandiya va Norvegiya hayot kechirish darajasi yuqoriligi bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Demak, bu mamlakatlarda sog‘lom ekologik sharoit yaratilgan. Iste’mol a’lo darajada ekan, chiqindi chiqarish bo‘yicha ham aynan shular saf boshida. Ushbu mamlakatlarda, ayniqsa, elektron chiqindi so‘roqsiz ko‘chaga uloqtirilmoqda, atmosfera is gazi bilan to‘lib, global ekologiyaga katta zarar keltiryapti.
«Chiqindi miqdori ortib borishi atrof-muhitga zarar yetkazyapti, tabiiy zaxira kamayib borishi bolalarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga sezilarli salbiy ta’sir qilmoqda, sayyoramiz hayotiga tahdid solmoqda. Hozir tabiiy muhitni himoya qiladigan siyosat olib borish juda dolzarb, chunki farzandlarimiz, umuman, kelajak avlod sog‘lom voyaga yetishida atrof-muhit tozaligi eng muhim omil», – deydi YUNISEF «Innochenti» tadqiqotlar bo‘limi direktori Gunilla Olsson.
Tasavuvur qiling: 2019 yil sayyoramizda 53,6 million tonna elektron chiqindi axlatxonaga tashlangan.

YUNISEF ekspertlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo 39 mamlakat hamda Yevropa Ittifoqida bolalar uchun sog‘lom atrof-muhitni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan siyosat va chora-tadbirlarni tahlil qilishdi. Havo sifatini zararlovchi chiqindi, pestitsid va qo‘rg‘oshindan keng ko‘lamda foydalanish, elektron chiqindi ko‘lami va utilizatsiya ko‘rsatkichi tadqiq qilindi.
Ma’ruza mualliflari tadqiqotdan keyin ko‘plab boy mamlakatlarda haddan ziyod iste’mol bolalar uchun nosog‘lom va xavfli ekologik sharoitni yuzaga keltirmoqda, deya yakdil xulosaga kelishdi.
Ekspertlar hisoblashicha, butun dunyo aholisi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga kiruvchi 39 mamlakat va Yevropa Ittifoqi darajasida iste’mol qilishi uchun insoniyatga Yerga o‘xshagan yana 3,3 ta, hamma Kanada, Lyuksemburg va AQSH aholisidek iste’mol qilishi uchun esa Yerga o‘xshagan yana beshta sayyora kerak bo‘larkan.

Umuman, barcha boy mamlakatlar bolalar uchun sog‘lom atrof-muhitni ta’minlashga qodir emas, lekin ayrimlari rivojlanishning anchayin “yashil” strategiyasini tanlamoqda va kelajak avlodga kamroq zarar yetkazmoqda.
Masalan, Ispaniya, Irlandiya va Portugaliyada bolalar nisbatan sog‘lom sharoitda voyaga yetmoqda. Ushbu mamlakatlar global miqyosda atrof-muhitga ko‘p zarar keltirayotgani yo‘q.
Finlandiya, Islandiya va Norvegiya farzandlarini sog‘lom atrof-muhit bilan ta’minlash reytingining uchinchi pag‘onasini egalladi, biroq umuman olganda, ushbu mamlakatlar elektron chiqindi ko‘p chiqargani va iste’mol darajasi yuqori bo‘lgani uchun dunyoda eng quyi pozitsiyani egallab kelmoqda.
Avstraliya, Belgiya, Kanada va AQSH aholi jon boshiga hisoblaganda eng ko‘p CO2 va elektron chiqindi chiqarish hamda resurslarni iste’mol qilishda boshqalardan oldinda bormoqda. Bu mamlakatlar bolalar uchun sog‘lom atrof-muhit yaratish bo‘yicha ham quyi pag‘onada.

“Ko‘pgina boy mamlakatlar nafaqat o‘z hududagi bolalar uchun sog‘lom atrof-muhitni ta’minlay olmayapti, balki dunyoning boshqa qismlarida ham atrof-muhit yemirilishiga “hissa” qo‘shmoqda”, – deydi Olsson.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda boy mamlakat bolalari uchun uyda sog‘lom atrof-muhitni ta’minlayapti, lekin, jumladan, elektron chiqindi jo‘natish yo‘li bilan boshqa mamlakatlarda ekologiya yemirilishiga katta hissa qo‘shmoqda.
Ma’ruzada keltirilishicha, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga kiruvchi 39 mamlakatdagi 20 milliondan ziyod bolaning qon tarkibida qo‘rg‘oshin darajasi me’yordan yuqori. Shuni unitmaslik kerak, qo‘rg‘oshin inson sog‘lig‘i uchun eng xavfli moddalardan hisoblanadi.
Aksariyat bolalar zararlangan havodan ko‘chada ham, uy ichida ham birdek nafas oladi. Masalan, Meksika havo ifloslanishi sababli eng ko‘p yo‘qotilgan sog‘lom hayot ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda bormoqda. Ya’ni, bu mamlakatda ayni ko‘rsatkich har ming bolaga 3,7 yilni tashkil etadi. Bu borada eng past ko‘rsatkich 0,2 yil bilan Finlandiya va Yaponiyaga tegishli.
Belgiya, Chexiya, Isroil, Niderlandiya, Polsha va Shveysariyada har yigirma bolaning biri pestitsid bilan zararlangan. Bu saraton, bolalar leykemiyasi hamda asab, yurak-qon tomiri, ovqat hazm qilish, reproduktiv, endokrinli, qon bilan bog‘liq va immun tizimidagi muaamolar bilan bog‘liq xasataliklarni keltirib chiqaradi.

Xulosa sifatida ma’ruza mualliflari bolalarning sog‘lom voyaga yetishi uchun davlatlarni atrof-muhit himoyayasiga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada faollashtirishga chaqirmoqda. Buning uchun, o‘z-o‘zidan ma’lum, havoga zararli chiqindi chiqarishni kamaytirish, havo va suv sifatini oshirish zarur. Demak, barcha mamlakatlar hukumati ekologiyaga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan har qanday qarorni qabul qilishda bolalar talabini hisobga olishi kerak.
Internet materiallari asosida
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA