Farzandlar ona qaramog‘iga topshirildi
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, shaxsning jismonan va ma’naviy rivojlanishi aynan oila muhitida shakllanadi. So‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan oilaviy ajralishlar farzandlar taqdiri, ularning kelgusida ota yoki onasi bilan qolishi, ta’minoti kabi dolzarb masalalarni kun tartibiga olib chiqmoqda.
Fuqaro F.U. turmush o‘rtog‘i I.U. bilan oilaviy kelishmovchiliklar sababli alohida yashashga majbur bo‘lgan. Biroq farzandlarini o‘zi bilan olib ketish imkoni bo‘lmagani bois, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Sud bolalarning ona parvarishi va tarbiyasiga muhtojligini inobatga olib, da’vo talablarini qanoatlantirgan.
Sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosining Qiziltepa tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshirildi.
Ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida taraflarga ixtiyoriy muddat berildi va davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda ogohlantirish ishlari olib borildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida farzandlar ona qaramog‘iga topshirildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri