Farzand kamolotida ota-onaning roli
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaralarga sabab bo‘layotgan bir xabar e’tiborimni tortdi.
– Maslahatingiz kerak, – deya ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilardi ona. – 8 yoshli farzandimni hech bir foydali mashg‘ulotga qiziqtira olmayapman.Turli to‘garaklarga berib ko‘rdik. Ikki marta borgach, shu mashg‘ulotdan bosh tortadi. O‘zidan qiziqishlarini so‘radik. Uning xohish-istaklarini inobatga olib, sportning taekvondo turiga berdik. Bir hafta qatnagach, bu mashg‘ulotdan ham zerikdi. Turmush o‘rtog‘im bilan xavotirga tusha boshladik. Nima qilsak, farzandimizdagi qiziqishlarni to‘g‘ri anglaymiz?
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ham bolaning kamol topishida tarbiyaning kuchi va qudratiga alohida e’tibor qaratgan. Tarbiya natijasida bolaning yetuk inson bo‘lib o‘sishiga ishongan. Bolani juda kichik yoshidan boshlab tarbiyalamoq zarur. Tarbiya insonga o‘zida yaxshi odat va fazilatlar hosil qilishga yordam beradi. Odam shaxsi kishilar bilan munosabatda, ayniqsa, kishilarning bir- birlariga bo‘lgan ruhiy-ma’naviy ta’sirlari natijasida tarkib topadi, deb uqtiradi donishmand.
Abdulla Avloniyning «Turkiy Guliston yoxud axloq»kitobida «Alloh taolo insonlarni asl xilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi bilan yomonni, foyda bilan zararni ,oq bilan qorani ajratadigan qilib yaratgan. Lekin insondagi bu qobiliyatni kamolga yetkazish – tarbiya bilan bo‘lur» – deyilgan. Farzandga to‘g‘ri tarbiya berish esa oiladan boshlanadi.
Oilada farzandlarning har tomonlama kamol topishi uchun ma’naviy-axloqiy sharoitlar yaratilsagina muvaffaqiyatlarga erishiladi.
– Odatda menga doim qanday qilib bir vaqtning o‘zida ikkala farzandingiz ham Prezident maktabiga yuqori ball bilan qabul qilindi? Muvaffaqiyatingiz siri nimada, kabi bir xil savol bilan murojaat qilishadi, – deydi "International School of Finance and Technology" nodavlat ta’lim muassasasi ingliz tili fani o‘qituvchisi Nargiza Jo‘rayeva. – 3 farzandimning ta’limini bir yoshga to‘lar to‘lmasdan boshlaganmiz. Dastlab «Pochemuchka» o‘quv kurslariga berdik. U yerdan o‘rganganlarini uyda takrorlab, yana yoshiga mos qo‘shimcha topshiriqlar bilan o‘yin tariqasida mashg‘ulotlar olib borardik. Farzandlarim 4 yoshida mustaqil o‘qishni, yozishni o‘rgandi. Keyin ular asta-sekinlik bilan sportning shaxmat, suzish kabi turlari va albatta, ingliz tili bilan qo‘shimcha shug‘ullanib bordi. Oilamizning asosiy baxt kaliti bu – turmush o‘rtog‘im bilan farzand tarbiyasida doimo hamfikrmiz. Bir-birimizning g‘oyalarimizni eshita olamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Oilada bola tarbiyasi bilan yo ona, yo ota shug‘ullanishi kerak, degan tushuncha yo‘q bizda. Farzand mas’uliyatini birdek his qilamiz. Farzandimga biror kitobni tavsiya qilishdan oldin shu kitob bilan avvalo o‘zim tanishib chiqaman. O‘qish chog‘ida qiziq joylarini tagiga chizib belgilab ketaman. Dasturxon atrofida to‘planib turganimizdan foydalanib, bolalarcha zavq bilan kitobdagi qiziq, ta’sirli joylarini so‘zlay boshlayman. Tabiiyki, farzandlarim voqeaning davomini yo oxirini so‘raydi. Shunda ularga yaxshisi shu kitob bilan bir tanishib chiqishni maslahat beraman. Farzandlarim qaysi sohaga qiziqishini 5- sinf chog‘larida belgilab oldik. Ungacha ular deyarli hamma sohani tanlab chiqdi. Soha tanlashda psixologik testlar, ularning istaklari va albatta kattalarning maslahatlari bilan bir to‘xtamga kelganmiz. Endi farzandlarimizning qaysi yo‘nalishda o‘qishini chuqurlashtirgan holda davom ettirishda bizda muammo qolmadi...
Ota-ona farzandi biron natijaga erishgunicha, albatta, rag‘batlantirib turmog‘i zarur. Bu rag‘bat moddiy bo‘lishidan ko‘ra, ma’naviy bo‘lmog‘i yoshgina tolibi ilmga juda muhim hisoblanadi. – 9 farzandning onasiman, deydi 88 yoshli onaxon Ulug‘oy Alimova. – Ularning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Har biri o‘z sohasida turli muvaffaqiyatlarga erishdi. Turmush o‘rtog‘im maktabda ona-tili fanidan dars berardi.Tarbiya masalasida juda qattiqqo‘l edi rahmatli. Farzandlarim to voyaga yetguniga qadar otasi bilan ehtiyotkorlik bilan gaplashardi. Ammo farzandlarimiz maktabda biror yuqori natijaga erishsa, albatta, turmush o‘rtog‘im kechki payt oila davrasida ularning boshini silab, kichik sovg‘alar bilan rag‘batlantirib turishni kanda qilmagan. Bolalarim uchun otasidan sovg‘a olishdan ham ko‘ra, qattiqqo‘l otaning mehrini qozonish muhim edi. Otasidan rag‘bat eshitgan kuni ularning ko‘zlari o‘zgacha porlab, o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashardi. Bugun qaysi davraga kirar ekanman, falonchining onasi, degan e’tiroflar qulog‘imga chalinadi. Bundan faqat faxr hissi tuyaman.
Dunyoda farzandi odobli bo‘lishini istamagan ota-ona yo‘q. Xo‘sh, bolani qanday qilib odobli qilamiz? Buning uchun eng oldin ota-onaning o‘zi tarbiyali bo‘lishi kerak. Axir, inson o‘zida yo‘q narsani boshqaga berishining imkoni yo‘q!
– Bola o‘zi mustaqil ravishda qaror qabul qilishni o‘rgana boshlagach o‘zini anglay boshlaydi, – deydi psixolog D.Rahimova. – Agar ota-ona hayotga bo‘lgan qarashlarini bolaga singdira boshlashsa, u birovning fikriga tobe, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan shaxsga aylanib qolishi mumkin. Agar bola tazyiqlarsiz o‘z real hayotini yarata olsa, o‘z hayotining ijodkoriga aylanib boradi. Ota-onaning vazifasi bolaga o‘zinikini singdirish, uqtirish emas, bolasidagi qobiliyat va qiziqishlarni sezib, shuni rivojlantirishga zamin yaratishdir. O‘z hayotini o‘z qiziqishlari asosida qurgan bolagina kelajakda baxtli yashashi mumkin. Farzand tarbiyasida eng muhim omillardan biri er va xotinning hamkorligidir. Ayol o‘z tabiatidan kelib chiqib o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni ado etish bilan birga, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shuningdek, er ham o‘ziga yuklatilgan mas’uliyat, ya’ni oilasini har jihatdan ta’minlash bilan birga, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam ma’naviy immunitetli, o‘zining fikrlarini ravon ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi kunda o‘zining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e’tiqodi mustahkam avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta’sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo‘ladi.
Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va an’analariga sodiq bo‘lib kamol topsin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA