Farzad tarbiyasida oila majlisining o‘rni
Ba’zida biz kattalar farzandlarimizni bemavrid xafa qilib jerkib beramiz. Keyin o‘zimizning ko‘nglimiz xijil bo‘lib afsuslanamiz.
Men ota-onalar nima uchun o‘z farzandlarini urishib berishlarini sababini fikrlab ko‘p o‘yladim. Buni zamirida yana so‘zlashish madaniyatini yoshlikdan o‘rgatmaganimiz va oilada tarbiyani tashkillashtirmaganimiz yotibdi.
Muqaddas Ramazon oylari suhbatlari uchun bu ham muhim. Iftorlik va saharlik chog‘larida foydali nasihatlardan oila davrasida gapiraylik.
Aksariyat ota-onalar farzandlariga «Senga daxli yo‘q narsaga aralashma!»degan dakkini beradilar.
Shunda bolaning ruhi sindi deyavering. O‘zi uchun noxush so‘zlar eshitdi, eng suyangan kishilardan. Bolada fikr va mulohaza qachon shakllanadi? To‘g‘ri, unga daxli bor suhbatlar bor, daxli yo‘q suhbatlar ham bor. Eng yomoni biz bolaga mutlaqo kattalar gurungiga taqiq qo‘yishimiz. Bu xato. Bu zurriyotlarimizda odamovilikni boshlab beradi. Ko‘p mashhur kishilar xotira kitoblarida kattalarni xizmati va suhbatini eshitib ular mashhur bo‘lganligi aytiladi. Shuning uchun bolalarni imkon qadar oilaviy nafis suhbatlarga qo‘shsak, ularning mantiqiy tafakkuri rivojlanadi.
Ayniqsa, o‘spirin va yuqori sinf bolalarini fikrlarini oila davrasida inobatga olinishi kerak. Ular bilan kattalardek munosabatda bo‘lish lozim.
Aslo jahl ustida so‘zlamaslikni, g‘azabingizni ziyoda qiluvchi narsani eshitmaslik kerak bolalar.
Latif suhbat bolani ham, kattalarni ham qulfidillarini ochadi. Eng keragi so‘z boyligi ortadi.
Farzandingizni hadeb ko‘kka ko‘tarib maqtayvermang, u sizga yaxshilik olib kelmaydi. Me’yorida maqtash va me’yorida koyish lozim.
Farzandingiz ustida jon kuydirmaydigan kimsalarga ayniqsa begonalarga aslo shikoyat qilmang, aks holda, dardingni ziyoda qiluvchi so‘zlarni eshitasiz. Uni o‘rniga qondosh buva, buvi, ammaki, amma, xola va tog‘alar tarbiyasi ta’sirchan bo‘ladi. Ana o‘shalar bilan bamaslahat ish ko‘rish kerak. Yordamga ularni jalb etish lozim. Bizni qadriyatlarimizda tarbiyaning bu sinalgan usuli bor.
Nega endi jiyanlarni o‘zimizdan uzoqlashtirishimiz kerak? Axir, siylai rahm deganda birinchi navbatda qarindosh-urug‘lar, jiyanlar emasmidi? Tan olaylik, jigargo‘shalar o‘zlarini chetga olib, daxlsizlik bo‘lib borayotganlari achinarli. Jiyanini tanimaydiganlar ham yo‘q emas. Kattalar orasida yordam u yoqda tursin. Siylai rahim yo‘q joyda baraka ham bo‘lmaydi. Ramazon suhbatlarida bular haqida ham gapirilishi lozim.
Yana bir gap, umuman farzandingizga g‘azabingni bildirmang, battarroq jahlingni chiqaradigan narsani eshitib qolasiz. Ayniqsa, bolalarning o‘tish yoshi davri ya’ni yuqori sinflardagi farzandlaringiz bilan yotig‘i bilan gaplashish, iloji bo‘lsa ba’zan xola va tog‘alar suhbatlashsa ta’sirli va muammosiz masala hal bo‘ladi.
Ko‘pincha bolalar o‘z tushunchasiga aldanib qoladi. Yana bosiqlik, aks holda sizning fikringni tahqirlovchi narsani eshitib qolasiz.
Agar ikki farzandlaringiz o‘zaro janjallashib qolsalarchi, ularning jahlini chiqaruvchi so‘zlarni so‘zlamang, aks holda, siz ularning uchinchisiga aylantiruvchi so‘zlarni eshitib qolasiz.
Mana oilalarda ko‘pincha er-xotin bolalari ko‘z o‘ngida urishib qoladilar. Aksariyat erlar xotinining jahl otiga minib turganda, unga qilgan yaxshiliklaringni eslatishadi, natijada yaxshiliklaringni barchasini inkor qiluvchi so‘zlarni eshitadi. Xuddi shuningdek ota-onalar ham oldingi qilingan yaxshiliklarini farzandlariga eslataverishi bolaning g‘ashiga tegadi.
Farzandlarga ota-ona ekanligizni peshlab gapirmang, shundoq ham ular sizni yaxshi ko‘rishadi.
Menimcha, har bir uyda o‘ziga xos oila majlisi qilinishi kerak. Oila majlisi eng kichik bolaga ham tegishli. Unda oilaning hamma a’zolari qatnashishini tavsiya qilgan bo‘lardim.
Kechasi 15-20 daqiqalik majlis o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Unda kun tartibi ko‘rib chiqiladi yoki hamma tushunadigan biron kitob ovoz chiqarib o‘qiladi.Muhokama qilinadi.
Oila majlisida hamma gapirishi, fikrini erkin bayon etishi kerak. Shunda oilada jasur, o‘z qarashini aniq ifodalay oladigan insonlar ulg‘ayadi.
Ota-onalar ham farzandlari hayotini qadamba-qadam kuzatib, ular bilan yaqindan muloqot qiladilar, xato-kamchiliklarni tuzatadilar, yechimini kutib turgan muammolarni hal etadilar.
Oila majlisi paytida hammaning e’tibori bir masalaga qaratiladi. Masalan bo‘lg‘usi kasblar haqida. Kim bo‘lmoqchisan, qaysi kasb yaxshi bular haqidagi suhbatlar juda foydali. Eng foydali damlar oilalarda teleekran qarshisida o‘tib bolaning vaqti zoye ketmoqda.
Afsus. Televizor degan muhabbat dushmaniga ko‘p vaqt bermaslik lozim. Shunda ota-ona bir-birini, farzandlarini yaqindan bilib, yaxshiroq tushunadi. Agar ota-onalar televizor qarshisida o‘tkazgan vaqtlarini har kuni oilalariga ajratsalar, oralariga begonalar kirolmaydi.
Afsuski, ko‘p oilalarda asosiy «ma’ruzachi» televizor yoki internet bo‘lib qolmoqda.
Vaholanki, oila saodati oldidagi eng katta to‘siqlardan biri –vaqtni bemaqsad televizor va ijtimoiy tarmoqlar oldida o‘tkazish!
Foydali axborotlar bo‘lsa unga qarshilik yo‘q, albatta. Zangori ekran va ijtimoiy tarmoqlardagi bema’ni tomosha va saytlar inson ongini zaharlaydi, xulqini buzadi, hayotini xarob etadi. Foydali tomosha va saytlar bo‘lsa boshqa gap. Unga taqiq yo‘q, albatta.
Oila majlisi – juda muhim. Ota-bobolarimiz bunday majlislarni o‘tkazganlar. Zero, oila majlisini qurgan xonadon yaxshi avlodni voyaga yetkazadi, ongli insonlar o‘chog‘iga aylanadi.
Bu tavsiyalar balki erish tuyilar. Ammo tavsiyalarga amal qilish foydali. Birgina betarbiya bola yoki oila jamiyatimizga qanchalar tashvish keltiradi. Shuni oldini olsak asablarimiz ham, mablag‘larimiz ham joyda bo‘lib eng muhimi xotirjam bo‘lar edik.
Karimov Baxtiyor,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi