Farxod Karimov: Markaziy Osiyo xalqaro hamkorlikning muhim ishtirokchisiga aylanmoqda
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning yurtimizga tashrifi va Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formatida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining o‘tkazilishi mintaqaviy diplomatiyadagi muhim voqealardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur tashrif Vashingtonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalarida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga bo‘lgan qiziqishini namoyon etmoqda.
E’tiborlisi, 2015-yilda aynan Samarqand shahrida asos solingan “C5+1” muloqot mexanizmi o‘tgan davr mobaynida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim platformasiga aylandi.
O‘zA muxbiri “C5+1” formati doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari hamda Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbollari xususida siyosiy fanlar doktori, professor Farhod Karimov fikrlarini yozib oldi.

– Bugungi kunda Markaziy Osiyo jahon siyosati va iqtisodiyotining chekka bir hududi sifatida emas, balki global jarayonlarning faol va mustaqil markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Mintaqa muhim transport yo‘nalishlari kesishgan geostrategik chorraha bo‘lishi bilan birga, ulkan iqtisodiy, xomashyo va demografik salohiyatga ega. Eng muhimi, mintaqa davlatlari global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yaxlit tuzilma sifatida namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda yo‘lga qo‘yilgan “C5+1” formatidagi oliy darajadagi uchrashuvlar Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi sub’ektlik maqomi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ushbu muloqot maydonlarida mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, transchegaraviy tahdidlarni bartaraf etish kabi an’anaviy masalalar bilan bir qatorda, iqtisodiy va texnologik hamkorlikning yangi ufqlari belgilanmoqda.
Ayniqsa, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash va bu o‘lkada tinch hayotni tiklash Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Bugun mintaqaning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi faqatgina xavfsizlik tahdidlarini jilovlash bilan cheklanib qolmayapti. Asosiy maqsad – Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilishdir.
Bu borada transport-logistika va energetika loyihalari, masalan, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li yoki CASA-1000 loyihasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi tashabbuslar Afg‘onistonni barqaror rivojlanish yo‘liga o‘tkazishga xizmat qilish bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari uchun Janubiy Osiyoning istiqbolli va yirik bozorlariga chiqish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, AQSH va boshqa global kuchlar bilan muloqotda xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot masalalarini o‘zaro uzviy bog‘liqlikda ko‘rib chiqish eng to‘g‘ri va amaliy natija beradigan yondashuvdir.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatda pragmatik, ko‘p vektorli va muvozanatli strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Mintaqaning AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq davlatlari bilan munosabatlarni parallel ravishda rivojlantirishi uning mustaqil tashqi siyosiy imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bu jarayondagi eng muhim va qat’iy prinsip – har qanday tashqi hamkorlikning mintaqa davlatlari milliy manfaatlariga, suveren tenglik, o‘zaro hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslanishidir. Markaziy Osiyo endi yirik davlatlar raqobatlashadigan “geosiyosiy o‘yin maydoni” emas, balki teng huquqli sheriklik makonidir.
Diplomatik muloqotlar, xususan, Samarqand uchrashuvlari Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy mintaqaviy kun tartibi va yagona pozitsiyasini shakllantirish uchun qulay va samarali platforma vazifasini o‘tamoqda. Bugungi kunda mintaqa ichidagi hamkorlik quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Birinchidan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (O‘rta koridor) kabi muqobil yo‘laklarni rivojlantirish orqali jahon bozorlariga chiqish.
Ikkinchidan, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish, “yashil” energetikaga o‘tish va ekologik inqirozlarga qarshi birgalikda kurashish.
Uchinchidan, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o‘zaro manfaatli asosda foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish.
To‘rtinchilan, yoshlar siyosati, ta’lim va madaniyat sohasidagi almashinuvlarni kuchaytirish orqali mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash.
Umuman olganda, xalqaro uchrashuvlar va muloqotlardan kutilayotgan asosiy natija faqatgina yirik davlatlar, xususan AQSH bilan ikki tomonlama munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash bilan cheklanmaydi. Eng muhim yutuq – Markaziy Osiyoning jahon hamjamiyatida jipslashgan, o‘z istiqbolini o‘zi belgilashga qodir, mustaqil va konstruktiv xalqaro ishtirokchi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashdan iborat.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA