Farrux Abduqodirov: O‘zbekistonda ishlab chiqarib, jahon bozorida raqobatlashyapmiz
Bugungi kunda sanoatni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish va mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish korxonalar oldida turgan ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tayotgan energetika va qurilish sohalariga bag‘ishlangan “UzStroyExpo-2026” 15-xalqaro ko‘rgazmasi ham ishlab chiqaruvchilar uchun o‘z mahsulotlarini namoyish etish, yangi hamkorlar topish va istiqbolli bozorlarni o‘rganish imkoniyatini yaratmoqda.
Ko‘rgazma ishtirokchilaridan biri – “Promxim Impex” kompaniyasi. Germaniya texnologiyasi asosida epoksid bo‘yoqlar ishlab chiqarish yo‘nalishini rivojlantirayotgan korxona mahalliylashtirish darajasini oshirish va tashqi bozorlardagi ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan.
Fursatdan foydalanib, korxonaning ishlab chiqarish salohiyati, eksport tajribasi va istiqboldagi rejalari haqida “Azdafloor” yo‘nalishi bo‘yicha sotuv direktori Farrux Abduqodirov bilan suhbatlashdik.
–Avvalo, “Azdafloor” brendi va korxona faoliyati haqida ma’lumot bersangiz. Qanday mahsulotlar ishlab chiqaryapsizlar va ishlab chiqarish jarayonida qaysi texnologiyalardan foydalaniladi?
– “Azdafloor” kompaniyamizning yangi mahsulot yo‘nalishlaridan biri. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan zavodimizda Germaniya texnologiyasi asosida epoksid bo‘yoqlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz. Hozirda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlarimizni bozorga kengroq taklif etish ustida ishlayapmiz.
Kompaniyamizning faoliyati faqat shu yo‘nalish bilan cheklanmaydi. Navoiy viloyatida ham boshqa turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodimiz mavjud. U yerda burg‘ilash reagentlari va boshqa kimyoviy mahsulotlar tayyorlanadi. Mahsulotlarimizni ichki bozorga yetkazib berish bilan birga, xorijiy bozorlarda ham o‘z o‘rnimizni mustahkamlashga harakat qilyapmiz.
– Bugun ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxonangizda mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi va ishlab chiqarishni to‘liq mahalliylashtirish bo‘yicha qanday rejalar bor?
– Hozirgi vaqtda ishlab chiqarishda ham mahalliy, ham import xomashyosidan foydalanamiz. Mahalliy xomashyoning ulushi qariyb 70 foizni tashkil etadi. Ayrim komponentlarni esa xorijdan olib kelishga to‘g‘ri keladi.
Kelgusida ishlab chiqarish hajmini oshirib, mahsulotlarni to‘liq o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Buning uchun zarur tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishimiz kerak. Rejalarimizga ko‘ra, 2027-yil bahorida to‘liq mahalliylashtirish jarayonini boshlash ko‘zda tutilgan. Bu biz uchun muhim bosqich bo‘ladi.
Mahalliy xomashyodan foydalanishni kengaytirish ishlab chiqarish jarayonini o‘zimizda tashkil etish imkoniyatlarini oshiradi. Shu bilan birga, mahsulotlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va korxonamiz faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ham imkoniyat yaratadi. Shu sababli, mahalliylashtirishni kelgusi rejalarimizning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilaganmiz.
– “Promkhim” kompaniyasining eksport salohiyati ham e’tiborga molik. Bugun mahsulotlaringiz nechta davlatga yetkazib berilmoqda?
– Kompaniyamizning yillik eksport salohiyati 20 million dollarni tashkil etadi. Mahsulotlarimizni 15 tadan ortiq davlatga eksport qilamiz. Tashqi bozorlarda ishlash, yangi xaridorlar topish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Masalan, Moskvadagi ko‘rgazmalarda Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatlashamiz. Bunday sharoitda mahsulot sifati bilan birga, narx va logistika xarajatlari ham katta ahamiyatga ega. Ayrim hollarda mahsulotni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar raqobat imkoniyatlarimizga ta’sir ko‘rsatadi. Shunga qaramay, xalqaro bozorlarda o‘z mahsulotlarimizni taklif etish va yangi hamkorlar bilan ishlashni davom ettiryapmiz.
Eksport bozorlarida tajriba orttirish bizga turli mamlakatlardagi xaridorlar bilan ishlash va raqobat muhitini yaqindan o‘rganish imkonini bermoqda. Mahsulotni ishlab chiqarish bilan bir qatorda, uni xaridorga yetkazib berish jarayonini ham to‘g‘ri tashkil etish zarur. Shuning uchun tashqi bozorlardagi faoliyatimizda ishlab chiqarish imkoniyatlari va yetkazib berish masalalariga birdek e’tibor qaratamiz.
– Eksport geografiyasini yanada kengaytirish maqsadida qanday tashabbuslar ustida ishlayapsizlar? Arab davlatlarida yangi zavod tashkil etish rejasi haqida ham to‘xtalsangiz.
– Arab davlatlarida yangi zavod tashkil etish rejamiz bor va hozirda ushbu loyiha ustida ish olib borilyapti. Buning uchun yer maydoni, kommunal xizmatlar va boshqa tashkiliy masalalarni aniqlashtirishimiz kerak. Hozirda shu yo‘nalishda zarur ma’lumotlarni to‘plash va tayyorgarlik ishlarini olib borish bilan bandmiz.
Asosiy maqsadimiz esa eksport hajmini oshirish va mahsulotlarimizni yangi bozorlarga olib chiqish. Bundan tashqari, burg‘ilash jarayonlarida ishlatiladigan kimyoviy reagentlar yo‘nalishida ham tashqi bozorlarga chiqish niyatimiz bor. Ushbu mahsulotlar neft-gaz sanoatida quduqlarni burg‘ilash jarayonlarida qo‘llaniladi. Shu sababli bu yo‘nalishda ham yangi xaridorlar topish va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilyapmiz.
Yangi hududlarda ishlab chiqarishni tashkil etish tashabbusi, avvalo, tashqi bozorlardagi faoliyatimizni kengaytirish maqsadi bilan bog‘liq. Hozircha loyiha bo‘yicha tashkiliy masalalarni o‘rganish davom etmoqda. Zarur shart-sharoitlar aniqlashtirilganidan so‘ng uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilanadi.
– So‘nggi o‘n yil davomida xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib kelyapsizlar. “UzStroyExpo-2026” ko‘rgazmasidan qanday natijalar kutyapsizlar va korxonaning kelgusi rejalari nimalardan iborat?
– Biz xalqaro ko‘rgazmalarda so‘nggi o‘n yil davomida muntazam qatnashib kelyapmiz. Ikki yil oldin Dubayda ham ishtirok etganmiz. Bunday tadbirlar mahsulotlarimizni namoyish etish, yangi hamkorlar bilan tanishish va tashqi bozorlardagi imkoniyatlarni o‘rganish uchun juda muhim.
Ko‘rgazmalarning natijasi har doim ham darhol ko‘rinmaydi. Ba’zan bugungi uchrashuvlardan keyin bir yoki ikki yil o‘tib hamkorlar qayta aloqaga chiqadi. Bunday holatlar bizning tajribamizda ham bo‘lgan. Shuning uchun ko‘rgazmalarda ishtirok etishni yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va ularni uzoq muddat davomida rivojlantirish imkoniyati deb bilamiz.
“UzStroyExpo-2026” kabi tadbirlarda ishtirok etish orqali ham mahsulotlarimizni kengroq tanitish va yangi aloqalar o‘rnatishni ko‘zlaymiz. Bunday uchrashuvlar kelgusidagi hamkorlik uchun asos bo‘lishi mumkin. Asosiy e’tiborimiz ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, eksport hajmini oshirish va yangi bozorlarga chiqishga qaratiladi. Shu bilan birga, xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam qatnashib, hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni davom ettiramiz.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.