Farovonlikning siri – mehnatda
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasidagi izchil ishlar samarasida ushbu tarmoqning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasidagi izchil ishlar samarasida ushbu tarmoqning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortmoqda.Farg‘ona viloyatida o‘tgan yili 2 ming 260 yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 63,2 foizga yetdi. E’tiborli jihati, keyingi yillarda qishloq hududlarida ham tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. Xususan, So‘x tumanida bugungi kunda 2 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yoshi ulug‘ insonlar yaxshi eslashadi. Sobiq ittifoq davrida So‘x tumani e’tibordan chetda qolgan va biror sanoat korxonasi u yoqda tursin, oddiy sartaroshxona topish ham mashaqqat edi. Bugun esa tamoman aksi. Mustaqillik yillarida butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi bu yerda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, muhtasham sport inshootlari, turar-joylar qad rostladi. Qadimiy qishloqlar yanada chiroy ochdi.
Tumanda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida o‘tgan yili umumiy qiymati 3,9 milliard so‘mlik 115 loyiha amalga oshirildi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturiga asosan 74 savdo va maishiy xizmat obyekti ishga tushirildi. Natijada 208 yangi ish o‘rni yaratildi.
Tumanda bugun 10 dan ortiq g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqinda “Mulki Aslonboy” fermer xo‘jaligi tomonidan yana bir g‘isht ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilib, o‘ndan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. “Mashraf Ulug‘bek” xususiy korxonasi tomonidan tuman markazida uch qavatli savdo majmuasi foydalanishga topshirildi va bunga salkam 1 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Tadbirkor Shavkat Jo‘rayev Rovon qishlog‘ida 2 qavatli mini-market va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, “Xalifa Mahmati So‘xi” xususiy korxonasi 2 qavatli to‘yxona bunyod etdi.
“Saribozorcha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tadbirkor Hikmatjon Mirzabekov tomonidan xorijiy sarmoya ishtirokidagi “Omadi Hikmati Payravjon” xususiy korxonasi tashkil etilib, aholiga sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
– Tadbirkor bo‘lish, birni ikki qilish oson ish emas ekan, – deydi H.Mirzabekov. – Tayyor mahsulotni ulgurji xarid qilib, uni do‘konlarga tashigandan ko‘ra, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, qalay bo‘larkin, degan fikr menga tinchlik bermasdi. Axir, ishlayman desang, yurtimizda barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud-ku! Avvaliga xorijiy hamkorlarimiz ishtirokida zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatdik. Ushbu loyihani amalga oshirishga 30 ming dollar mablag‘ sarflandi. Yaqin qishloqlardagi chorvador fermerlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Mana, ishimiz binoyidek yurishib ketdi. Mahsulotlarimizga bo‘lgan talab kundan-kun oshmoqda. Bu Prezidentimiz rahnamoligida biz, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir.
So‘x chashmasining shifobaxsh suvini “ming dardga davo”, deyishadi. Uning tarkibi kimyoviy natriy, sulfat, xlor, magniy, kalsiy, oltin, kumush hamda yana boshqa bir qator inson organizmi uchun g‘oyat foydali moddalardan iborat bo‘lib, suvi rangsiz, hidsiz. Suv olimlarning tavsiyasi bilan oshqozon-ichak, oshqozon osti bezi (pankreatit), gepatit, gastrit, xoletsistit, qandli diabet kasalliklari oldini olish va davolash uchun shifobaxsh vosita sifatida qo‘llanishi mumkin ekan. Buloq suvi qishda ham, yozda ham bir xil +9 S haroratni saqlab turadi, buloqdan bir daqiqada 200 litr suv chiqadi.
Tadbirkor Habibullo Yormatov tashabbusi bilan tumanda “So‘x chashma” ishlab chiqarish firmasi tashkil etilib, buloq suvi zamonaviy mini-texnologiyalar asosida qadoqlanmoqda. Mazkur loyiha “Agrobank”ning viloyat filiali tomonidan 200 million so‘mga moliyalashtirilib, zamonaviy asbob-uskunalar keltirildi. Korxonada 20 dan ziyod yoshlar ish bilan ta’minlandi.
So‘x tumani tadbirkorlari ayni kunlarda yangi loyihalar ustida izlanmoqda. Ular farovonlikning siri halol mehnatda, deb bilishadi. Shu bois, dasturxoni to‘kin. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi ifodasi bo‘lib, yurt farovonligi va obodligiga xizmat qilmoqda.