Farmon va ijro: ehtiyojmand oilalarga ko‘mak
"Temir daftar"dagi oilalar xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli farmoyishi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, viloyat mahalliy byudjeti hisobidan Quyi Chirchiq, Bekobod, Bo‘ka tumanlaridagi "Temir daftar"larga kiritilgan 100 nafar ehtiyojmand oilani qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni paytda Bo‘ka tumanidagi xonadonlarda mazkur qurilmalar o‘rnatilmoqda.
Ma’lumot uchun mazkur hududlarda kuz-qish mavsumida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lib turadi. Yangi tashabbus esa aholining oilaviy sharoitiga ko‘mak beradi. Shuningdek, Toshkent viloyati hokimining tegishli farmoyishiga asosan mahalliy byudjet hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu orqali joylarda yoshlarga oid mavjud muammolar hal etiladi.
A.Musayev, O‘zA.