Farmatsevtika: yangi strategik loyihalar amalga oshirilmoqda
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari har yili yangi amaliy mazmun bilan boyitib borilmoqda. Ayniqsa, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, kosmetsevtika hamda ilg‘or tibbiy texnologiyalar yo‘nalishidagi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Agentlik direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiyaning Janubiy Koreyaga amalga oshirgan navbatdagi sermahsul tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar, imzolanayotgan memorandumlar hamda yirik investitsiya loyihalari shubhasiz, mamlakatimiz tibbiyot va farmatsevtika sanoatini jadal modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Kosmetika Assotsiatsiyasi (Korea Cosmetics Association — KCA) vitse-prezidenti Yon Chje Xo bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, Koreyaning yetakchi kosmetika kompaniyalari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Muloqotlar davomida O‘zbekistonda kosmetsevtika sohasini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari hamda investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Tomonlar KCA a’zosi bo‘lgan yetakchi Koreya kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish, O‘zbekistonda yuqori texnologik kosmetika va kosmetsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, OEM/ODM modeli asosida shartnomaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Koreya kompaniyalariga mamlakatimizda shakllanayotgan zamonaviy farmatsevtika va ishlab chiqarish infratuzilmasi, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar hamda eksport salohiyatini kengaytirish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kosmetsevtika sohasiga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, texnologiyalar transferi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun: Korea Cosmetics Association (KCA) 1949-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Janubiy Koreyadagi kosmetika ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini birlashtiruvchi yirik nodavlat tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiya tarkibiga 300 dan ortiq kompaniya kirgan bo‘lib, ular mamlakat kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishi va eksportining 80 foizdan ortiq qismini ta’minlaydi.
***

Shuningdek, Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Eksport-import banki (KEXIM) Yevroosiyo departamenti bosh direktori Xvan In Xo (Hwang Eunho) bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida «BioPharma City» klasteri qurilishining uchinchi bosqichi doirasida BioGen Milliy sun’iy intellekt tadqiqot markazini tashkil etish loyihasi muhokama qilindi. Tomonlar mazkur markazni biofarmatsevtika, biotexnologiya va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda yuqori texnologik ishlanmalarni yaratishga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy platforma sifatida shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Loyihani moliyalashtirish va amalga oshirishning tashkiliy mexanizmlari, zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini yaratish hamda Koreyaning ilg‘or texnologiya va tajribasini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama Hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib olindi. Mazkur tashabbus «BioPharma City» klasterida zamonaviy ilmiy-innovatsion ekotizimni shakllantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini biofarmatsevtika va biotexnologiya sohalariga keng joriy etish hamda O‘zbekiston – Koreya ilmiy-texnologik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladiyu
***

Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston – Koreya biznes forumida ham ishtirok etdi. Forumda Koreya Respublikasi Hukumati vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yangi investitsiya tashabbuslarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida farmatsevtika va kosmetika sohasida faoliyat yurituvchi MIBA kompaniyasi rahbariyati bilan alohida muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda farmatsevtika va kosmetsevtika sanoatini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar, investitsiyaviy imtiyozlar hamda «BioPharma City» farmatsevtika klasteri salohiyati taqdim etildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida MIBA kompaniyasi rahbariyati hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida mamlakatimizga taklif etildi.
***

Xizmat safart doirasida tibbiyot, farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi tashkilotlar va kompaniyalar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, Koreya tibbiy buyumlar assotsiatsiyasi (Korea Medical Devices Association — KMDA) prezidenti Li Yon Gyu (Lee Young-gyu) bilan muloqotda tibbiy uskunalar, diagnostika, reabilitatsiya va Medical IT texnologiyalarini O‘zbekistonga transfer qilish, shuningdek, assotsiatsiyaga a’zo 730 dan ortiq kompaniyani mamlakatimizda ishlab chiqarish va investitsiya loyihalariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Koreyaning yirik farmatsevtika va kosmetika kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa O‘zbekistonda farmatsevtika va kosmetika sanoatini rivojlantirish, yetakchi koreys brendlarini mamlakatimizga jalb qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya rahbarlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Delegatsiya Koreyaning nufuzli tibbiyot muassasalari – Yonsei University Severance Hospital va Asan Medical Center rahbariyati hamda soha ekspertlari bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqotlarda zamonaviy tibbiyot markazlarini loyihalash va boshqarish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish, shifoxonalar faoliyati samaradorligini oshirish hamda Koreyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston – Koreya hamkorligini tibbiyot, farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohalarida amaliy mazmun bilan boyitish, investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini jadallashtirish uchun muhim zamin yaratmoqda.
Janubiy Koreyaning yetakchi assotsiatsiyalari, tibbiyot markazlari va yirik kompaniyalari bilan o‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yana bir bor namoyon etdi. Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi, zamonaviy texnologiyalari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini mamlakatimizga jalb etish orqali yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish, yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar istiqbolda yurtimizda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va O‘zbekiston – Koreya ilmiy-texnologik hamkorligini yangi muvaffaqiyatli bosqichga olib chiqishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA