Farmatsevtika tarmog‘ining investitsiya salohiyati muhokama qilindi
Jahon banki guruhi tomonidan O‘zbekiston xususiy sektorini rivojlantirish bo‘yicha Country Private Sector Diagnostic (CPSD) tadqiqoti taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov ishtirok etdi.
Tadbirda xususiy investitsiyalarni kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya muhitini yanada takomillashtirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. CPSD tadqiqoti doirasida investitsiya salohiyati yuqori bo‘lgan farmatsevtika, turizm va logistika yo‘nalishlari alohida tahlil qilindi.
Farmatsevtika yo‘nalishidagi panel muhokamasida Abdulla Azizov sohadagi investitsiya imkoniyatlari, xususiy sektor uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda kelgusi davrdagi ustuvor vazifalar haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bioekvivalentlik tadqiqotlari salohiyatini oshirish va GMP talablariga muvofiqlikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida farmatsevtika tarmog‘iga yangi investitsiyalarni jalb etish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
M.Qosimova, O‘zA