Farmatsevtika sanoatida klinik tadqiqotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega
Mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va uni xalqaro standartlarga moslashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlar doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Buyuk Britaniyaning yetakchi kontrakt tadqiqot tashkiloti — “Paspigioni” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda kompaniya bosh direktori Diana Matiashvili va regulyatorika bo‘yicha mutaxassis Ilona Bendeliani ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, zamonaviy farmatsevtika sanoatida klinik tadqiqotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yangi dori vositalari va tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish aynan shu bosqichlar orqali amalga oshiriladi.
“Paspigioni” kompaniyasi bu borada katta tajribaga ega bo‘lib, u klinik tadqiqotlarning birinchi-to‘rtinchi bosqichlarini, shuningdek tibbiy buyumlar bo‘yicha tadqiqotlarni ham amalga oshiradi. Kompaniya onkologiya, noyob kasalliklar va keng qamrovli bemorlar ishtirokini talab etuvchi tadqiqot yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Bu esa O‘zbekiston uchun nafaqat yangi texnologiyalar, balki ilmiy yondashuv va xalqaro tajribani jalb etish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida xalqaro ko‘p markazli klinik tadqiqotlarni O‘zbekistonga keng jalb qilish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Bu yo‘nalish bir qator muhim afzalliklarni ta’minlashi mumkin. Xususan, mahalliy mutaxassislarning malakasi oshadi, zamonaviy diagnostika va davolash usullari joriy etiladi, investitsiyalar oqimi ko‘payadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shu bilan birga, bunday tadqiqotlar mamlakatda tibbiy xizmat sifatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomonidan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalarida biofarmatsevtika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
So‘nggi yillarda respublikada klinik va klinikoldi tadqiqotlar infratuzilmasi shakllanmoqda, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilmoqda, xalqaro standartlarga mos regulyator baza takomillashtirilmoqda. Bu omillar O‘zbekistonni mintaqada klinik tadqiqotlar uchun jozibador maydonga aylantirish imkonini beradi.
“Paspigioni” kabi xalqaro tashkilotlarning qiziqishi O‘zbekiston farmatsevtika bozorining salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda klinik tadqiqotlarni tashkil etish bo‘yicha kompaniya tajribasi mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblanadi. Bu esa O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda klinik tadqiqotlar markaziga aylantirish imkoniyatini ham ochadi.
Muzokaralar yakunida tomonlar klinik tadqiqotlar va biofarmatsevtika regulyatorikasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Shuningdek, muntazam muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Bunday hamkorlik milliy farmatsevtika sanoatini yangi bosqichga olib chiqadi, innovatsion dori vositalarini yaratishga turtki beradi, mamlakatimizning xalqaro tibbiy ilmiy maydondagi o‘rnini mustahkamlaydi.
O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik hal qiluvchi omillardan biriga aylanayotgan bir davrda “Paspigioni” kabi yirik CRO kompaniyalari bilan aloqalarni mustahkamlash nafaqat ilmiy, balki iqtisodiy jihatdan ham muhim natijalarga olib keladi. Bu kabi tashabbuslar orqali mamlakatda klinik tadqiqotlar tizimi yanada takomillashib, aholi uchun sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘lami kengayishi kutilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA