Farg‘onalik yoshlar stol tennisida tengsiz
Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida “Barkamol avlod – 2022” sport o‘yinlarining respublika final bosqichidan o‘rin olgan so‘nggi musobaqasi yakuniga yetdi.
Uch kun davom etgan turnirda stol tennisi bo‘yicha eng kuchlilar aniqlandi. Respublikamizning 14 ta hududidan akademik litsey va professional ta’lim muassasalarining 100 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlari ishtirokida o‘tkazilgan musobaqada sportchi yoshlar o‘g‘il bolalar va qizlar toifasida o‘zaro kurash olib bordi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Farg‘ona viloyati yoshlari birinchi bo‘ldi. Samarqand viloyati vakillari ikkinchi, Sirdaryo viloyati uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

– O‘zim uchun eng sevimli sport turidan musobaqada qatnashganimdan xursandman. Bir necha kun davomida tengqurlarimiz bilan bellashib, o‘z salohiyatimizni sinovdan o‘tkazdik. Quvonarlisi, ko‘plab dugonalar, do‘stlar orttirdik. Terma jamoamiz birinchi o‘rinni olganidan xursandman, – deydi Ruxsora Dadajonova.

M. Sulaymonov, O‘zA