Farg‘onalik yoshlar IT sohasiga qiziqadi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 avgustda qabul qilingan “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida Farg‘ona viloyatida AKT haftaligi (ICTWeek) o‘tkazildi. Uning doirasida IT marafon, sohaga oid seminarlar, davra suhbatlari, talaba-yoshlar uchun startaplar tashkil etildi.
Quvasoy shahrida bo‘lib o‘tgan tadbir esa axborot-kommunikatsiya sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun yanada samarali kechdi. Unda mamlakatimizda raqamli texnologiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, dasturiy mahsulotlar, turli loyihalar xususida ma’lumot berildi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovining taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollari bo‘lgan Prezident sovrini uchun tanlov 2023 yil maydan har yili quyidagi 5 ta yo‘nalish jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari, ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar, axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari, tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar, kompyuter va mobil o‘yin dasturlari, hamda 1 ta maxsus yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari mas’ullari tanlovning o‘tkazish tartibi haqida ma’lumotlar berdi.


Shuningdek, davra suhbatida mutaxassislar tomonidan “Coursera” platformasida ta’lim olib, IT sertifikatini olish bo‘yicha maslahatlar berildi. Axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari haftaligining yopilishida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda aholi, xususan, yoshlarni IT sohasida salohiyatini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish borasidagi ishlarni alohida qayd etdi.
M.Sulaymonov, O‘zA