Farg‘onalik tadbirkorlar faoliyati yuqori baholandi
Farg‘ona viloyatida tadbirkorlik sub’ektlari iqtisodiyotning yetakchi kuchiga aylanmoqda. Xo‘sh, hududlarda bugun ularni qanday muammolar qiynamoqda? Faoliyatini samarali tashkil etishlari uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov bir qator korxonalar, tadbirkorlik sub’ektlaridagi uchrashuvlarda ana shu jihatlarga e’tibor qaratdi.
Partiya yetakchisi Quva tumanidagi “Osiyo biznes rivoji” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, korxona ishchi-xodimlari bilan muloqot qildi. Mazkur korxonada beton xalqalar ishlab chiqarilayotgan bo‘lib, bu yerda 10 nafarga yaqin yoshlarning bandligi ta’minlangan.

– Beton xalqalardan yasalgan quduqlar tuproqning mavsumiy harakati natijasida yuzaga keladigan og‘ir gorizontal va vertikal yuklarni ko‘tara olishi, o‘rnatishning tez va qulayligi, kamxarjligi kabi bir qator afzalliklarga ega. Tuproq bosimiga osongina bardosh berishi, mustahkam va chidamliligi bilan mahsulotimiz o‘z xaridorlarini topgan, – deydi jamiyat mutaxassisi Olimjon Abdullajonov.
Mazkur beton xalqalardan yasalgan quduqlar, uning joylashgan joyiga qarab bir qator muhim vazifalarni bajarmoqda. Xususan, kanalizatsiya tizimidan uzoqda joylashgan joylarda oqova suvlarni turli element va zarralardan tozalashga, suv tanqis bo‘lgan hududlarda ichimlik va sug‘orish ta’minotini yaxshilash, quvurlarni tozalashga, shuningdek, aholi yashash joylarida o‘rnatilgan kanalizatsiya suvlarini tortishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuv davomida partiya rahbari tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini va mahsulot turlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Aktam Xaitov Rishton tumanida faoliyat boshlagan tomorqachilik klasterlari va aholi xonadonlarining tomorqalarini ko‘zdan kechirdi. “Birlashgan” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Rishton tomorqachilik klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Klaster tomonidan 2 ta 10 sotixli issiqxona tashkil qilingan bo‘lib, u yerda limon, apelsin va mandarin parvarishlanmoqda. Ko‘chatlar 4 yoshga to‘lgan bo‘lib, limon ko‘chatlarini har bir tupidan 50-60 kilogramm, mandarin va apelsin ko‘chatlaridan esa 40-45 kilogramm hosil olinmoqda. Tomorqachilik klasterida sitrus mevalarni ko‘paytirish va aholini bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv markazi tashkil qilingan. Hozirgi kunda tomorqa klasterida 2 ta mini traktor, 10 ta motokultivator, 2 ta yuk tashuvchi transporti hamda 500 tonnali muzlatgich tashkil qilingan. Bundan tashqari, parrandachilikni rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlariga jami 20 ming dona jo‘jalar yetkazib berildi.
Aktam Xaitov suhbat davomida bu kabi tomorqachilik klasterlari sonini oshirish, ular faoliyatini yanada kengaytirish uchun subsidiyalar ajratib berilayotganligini ta’kidladi.

“Qayrag‘och” mahalla fuqarolar yig‘ini tomorqachilikda katta tajribaga ega. Partiya yetakchisi bu yerdagi aholi bilan muloqoti davomida har bir qarich yerdan samarali foydalanish, daromadlarini oshirish, issiqxonalar tashkil qilish va bu jarayonda Kengash doimo ko‘makchi bo‘lishini bildirdi.
Mazkur mahallada 538 ta xonadon bo‘lib, 45 gektar ekin ekiladigan maydonlari mavjud. Mahalla aholisi ixtisoslashuvi uzumchilik hisoblanadi. Mazkur mahallada yashovchi fuqaro Adhamjon Mahkamov va Rustamjon Tojaliyev xonadoni uzoq yillardan beri uzumchilik bilan shug‘ullanib keladi. Xonadon sohiblari mahsulotlarini nafaqat tumanning o‘zida qo‘shni davlatlarga ham sotmoqda.
Partiya rahbari ushbu uzumchilikni yanada rivojlantirib, mahsulotlarni ko‘proq eksportga yo‘naltirish, shu orqali daromadlarini oshirish borasida o‘z takliflarini berdi.
M.Sulaymonov, O‘zA