Farg‘onalik otaxonlar endi velosipedda O‘sh shahriga boradi
Farg‘ona – Samarqand – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘ylab velomarafon tashkil etgan 30 nafar otaxonlar Farg‘ona shahrida tantanali kutib olindi.
Inson salomatligida sportning o‘rni beqiyos. Shu bois sportning ommaviyligini ta’minlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farg‘onalik nuroniy otaxonlar velosipedda Farg‘ona shahridan Samarqandgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish orqali aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishni maqsad qilishgan edi. Ular 31 mart kuni yo‘lga chiqqan bo‘lib, bugun mazkur marafon yakuniga yetdi.
«Samo» sport kompleksida bo‘lib o‘tgan kutib olish marosimida nuroniy otaxonlarning sport targ‘ibotidagi ezgu ishlari barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
– Bolaligimdan velosiped minishga qiziqqanim uchun doim u mening hamrohimga aylangan, – deydi Marg‘ilon shahrilik 69 yoshli Muxtorjon ota G‘oziyev. – Harakatda bo‘lgan inson doim sog‘lom bo‘ladi. Nabiralarimga ham sport bilan shug‘ullanishni uqtiraman. Bundan oldin ikki marta Toshkenga velesipedda borib qaytganman. Bu safar o‘zimga o‘xshagan shijoatli yaqinlarim bilan birgalikda 600 kilometrlik masofani velosipedda bosib o‘tdik. Samarqanddagi diqqatga sazovor joylarni aylanib, buyuk bobolarimizdan qolgan yodgorliklarni ziyorat qilib qaytdik. Bundan keyingi maqsadimiz Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga borishdir.
[gallery-1923]
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA