Farg‘onaga sayohat qiling...
Yurtimizning har bir go‘shasi maftunkor, tabarruk qadamjolari, betakror tabiati insonni o‘ziga shaydo qiladi.
Shu bois ham O‘zbekistonni bir ko‘rish, sayohat qilish istagidagilar soni tobora ko‘payib bormoqda. Xususan, turizm sohasidagi yuksak salohiyat, zamonaviy infratuzilmaga ega Farg‘ona viloyatidan mahalliy va xorijiy mehmonlarning qadami uzilmaydi.
Bag‘ri sir-sinoatga boy bu maskanning Farg‘ona deb nomlanishi turlicha bayon etiladi. “Farg‘ona” so‘zi ilk o‘rta asrlarda So‘g‘d yozuvi bilan “Parg‘ana”, “Prag‘ana” shaklida yozilganligi ma’lum. Bu so‘z hind-sanskrit tilida “kichik viloyat”, “atrofi berk tog‘li joy” degan ma’nolarni bildiradi. Eramizdan avvalgi II asrlarda Farg‘ona “Dovon”, deb atalgan bo‘lsa, ilk o‘rta asrlarda “Bohan”, “Bohanna” nomlari bilan tilga olinadi. Go‘zal tabiati, musaffo ob-havosi, unumdor yerlari bilan asrlar davomida o‘z hayratini ko‘z-ko‘z qilib kelayotgan ajib maskanda muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, tarixiy obidalar farg‘onaliklarning o‘tmishi, bugungi yorqin kelajagidan darak beradi.
Turizm rivojiga muhim e’tibor
Sayyohlik iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda. Viloyatda bu borada ulkan salohiyat bor. Bu yerga tashrif buyurayotgan chet ellik turistlar va mamlakatimiz sayyohlariga qulay sharoit yaratish, ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ayni kunlarda qulay transport-logistika, mehmonxona, umumiy ovqatlanish singari servis va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar olib borilyapti. Sayyohlarga tarixiy qadamjolar, purviqor tog‘lar, hunarmandchilik markazlari, ma’danli suvlar, boy tabiatli so‘lim joylarida dam olish taklif etilmoqda. Ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, sport turizmi, qishloq turizmi va tibbiyot turizmi kabi yangi yo‘nalishda ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu turizm salohiyatini yanada yuksaltirmoqda. 2021 yilda Rossiya, Turkiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishi natijasida 564 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar Farg‘onada mehmon bo‘ldi. Ularning 50 mingga yaqini xorijliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Sayyohlarga oilaviy mehmon uylari juda manzur bo‘layotir. Ayni paytda viloyatda 198 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda.
Farg‘ona azaldan o‘zining boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, tarixiy obidalari va tabarruk ziyoratgohlari bilan mashhur. Bu ko‘hna zaminda barcha davrga xos bo‘lgan bebaho durdonalar, rang-barang meros ob’ektlari saqlanib kelinmoqda. Xususan, viloyatda 376 ta meros ob’ektlari bo‘lib, 117 tasi arxeologiya, 139 tasi me’morchilik, 32 tasi monumental, 88 tasi diqqatga sazovor joylarni tashkil etadi. Ularning har biri bamisoli o‘tmishning o‘qilmagan sahifasi. “Kaptarli mozor”, “Hazrat Ali”, “Poshshopirim, “Sadkak ota” kabi ziyoratgohlar Farg‘ona tarixidan so‘zlovchi maskanlar sifatida ko‘pchilikning e’tiborini tortayotgan bo‘lsa, “Vodil”, “Yettibuloq” dam olish maskanlarining dovrug‘i dunyoga ketgan.
Ekoturizm – katta imkoniyat
Viloyatda o‘nlab yangi ekoturizm markazlarini tashkil etish borasida amaliy ishlar boshlangan. Jumladan, Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idagi “Chinortagi”, Avval qishlog‘ida joylashgan “Yetti buloq”, Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo”, Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligi, Quvasoy shahridagi “Vodiy tulporlari” ot sporti majmuasi, Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori qirg‘oqlari, “Farg‘ona anorlari” hamda “Mindonobod” agrosanoat firmalari bo‘ylab sayohatlar tashkil etish yo‘nalishlarida yangi loyihalar ishlab chiqilgan.
Uchko‘prik tumanida faoliyat olib borayotgan “Mehrigiyo” kichik korxonasi Farg‘onaning “tashrif qog‘ozi” ga aylangan. 25 gektar maydonda godji, papayya, mushmula, qahva, kivi, banan kabi sitrus mevalardan tortib, rezavor o‘simliklar, turli dorivor giyohlar yetishtirilayotgan maskan yurtdoshlarimiz, shuningdek, xorijliklar e’tiborini qozongan. O‘tgan yildan esa bu yerda lavanda festivali o‘tkazilmoqda.
[gallery-7282]
Quvalik tadbirkor Mirzohid Nishonov tashabbusi bilan “Karkidon” suv ombori qirg‘og‘ida dam olish maskanlari tashkil etildi. O‘ziga xos qulayliklarga ega bo‘lgan maskanida hordiq chiqarishni xohlovchilar kun sayin ortib bormoqda. Chunki bu yerga kelgan sayyohlar zamonaviy yaxta va yelkanli kema va gidrotsikllardan foydalangan holda “Karkidon” suv omborining bo‘y basti, imkoniyatlari bilan yaqindan tanishadi.
–Hozirda suv havzasi qirg‘oqlarida 12 ta ana shunday dam olish maskanini barpo etish uchun mahalliy va xorijlik investorlarni jalb etish borasida ish olib borilmoqda, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Temirov. – Umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etgan maskanda sport maydonlari, basseyn, oshxona, mehmonxona singari ko‘plab infratuzilma tarmoqlari quriladi. Beshariq tumanining “Qiyali” va “Andarxon” qishloqlari hamda So‘x tumanida ekoturizm loyihalari amalga oshirilmoqda. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida mehmon uylari tashkil etilayotir. Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan “Yagona turizm koridori” A-373 magistral yo‘llari yoqasida turizm infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Hunarmandchilik – Farg‘ona brendi
Turizm yo‘nalishida yangi tarmoq hunarmandchilik turizmini rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda. Bu bejiz emas. Marg‘ilon ipak matolari, Rishton kulolchilik buyumlari, Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi namunalarining o‘tmish va bugungi kuni asrlar davomida dunyo hamjamiyatini o‘ziga maftun etib keladi. Bu yo‘nalishda turizm ob’ektlarining tashkil etilayotgani esa xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Prezidentimiz 2020 yil 5-6 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi davomida hunarmandlar markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida muhim vazifalarni belgilab bergan edi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Mirzaahmedov. – Ayni kunda Marg‘ilon shahri va Rishton tumanida hunarmandlar markazlari tashkil etildi. Bu yerga kelgan sayyohlar hunarmandchilikning osori-atiqalari, amaliy ish jarayonlari bilan tanishish asnosida ipak matolari to‘qish, kulolchilik buyumlari tayyorlash jarayonining bevosita guvohi bo‘ladi. O‘zlari tanlagan mahsulotlarni xarid qilishi mumkin. Hunarmandlar markazlarida sayyohlarning kelib ketishi, dam olishi, mahsulot xarid qilishi bilan bog‘liq kerakli sharoitlar yaratildi. Markazda haftaning muayyan kunlarida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Bu ko‘hna yurtning hunarmandchilik an’analarini dunyoga targ‘ib etish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirishda qo‘l kelayotgani bilan ahamiyatlidir.
Ayni kunda viloyatning 13 ta tumanida davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi Hunarmandchilik markazlari ochildi. Bu xorijiy sayyohlarni ipakchilik, gilamchilik, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik, kandakorlik, beshikchilik, milliy liboslar, kosibchilik bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilib, qo‘l mehnatiga asoslangan yuzdan ortiq hunar turlarini saqlash va rivojlantirish orqali ikki mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shohimardonga bir keling
Shohimardonning o‘ziga xos ohanrabosi, tarovati bor. Borishni niyat qilgan daqiqadan boshlab, bor vujudingiz shu maskanga talpinaveradi. Purviqor tog‘lari, so‘lim tabiati, zilol soylari, toza havosi har qanday kishini maftun etadi. Hazrat Ali ziyoratgohida esa ruhingiz taskin topib, ma’nan quvvat olasiz. Oq suv bilan Ko‘k suv tutash daryolari ko‘hna maskanga o‘zgacha ulug‘vorlik bag‘ishlaydi. Qishloq qadim - qadimdan Farg‘ona vodiysi aholisining aziz ziyoratgohi, dam olish maskani bo‘lib kelgan. Bu yerda Hazrat Ali Shohimardon, Shoh Tolib singari tarixiy shaxslarning maqbaralari bor. Dengiz sathidan 2500-2700 metr balandlikda joylashgan Shohimardondagi Katta kamar g‘oridan topilgan tosh tasvirlar bu yerda hamma davrlarda ham hayot qizg‘in kechganligidan dalolat beradi.
Viloyatda turizm salohiyati va imkoniyatini rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar tog‘ qishlog‘ida turizmning ekologik va alpinizm yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi. Shu maqsadda “Shohimardon” va “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inida “Shohimardon ekoturizm markazi” tashkil etildi. Markaz yilning to‘rt faslida ham sayyohlar uchun qiziqarli loyihalarni taklif etmoqda. Dam oluvchi sayyohlar qishloqning so‘lim tabiati, madaniy yodgorliklari bilan tanishish asnosida qo‘shni Qirg‘iziston respublikasi hududida joylashgan “Ko‘kko‘l” va “Dugoba” dam olish maskanlarida bo‘lish imkoniyatiga ega. O‘tgan yilning o‘zida ekoturizm yo‘nalishida 564 ming nafardan ortiq mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatildi.
–Viloyatda “Shohimardon turistik – rekreatsion maskan” bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish, barcha shahar va tumanlarni o‘z ichiga olgan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab sayohatlar tashkil qilish maqsadida “Vodiy xalqasi” (Fergana Valley Circuit) nomli yo‘nalishning internet va mobil ilovalari orqali barcha foydalana oladigan elektron xaritasi ishlab chiqilmoqda, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassisi Umid Mamajonov. – Bundan tashqari, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Rishton, Quva, Uchko‘prik, Oltiariq, Yozyovon, Beshariq va O‘zbekiston tumanlarida stend ko‘rinishidagi turistik xaritalar o‘rnatilmoqda.
Kashtanzor – turizm ko‘chasi
Dunyo tamaddunida turizm ko‘chalari bilan ma’lum va mashhur bo‘lgan diyorlar ko‘p. Bunday ko‘chalar shu yerda umrguzaronlik qilayotgan aholi turmush tarzi, madaniyati va an’analarini ko‘rsatuvchi muhim infratuzilma sifatida esda qoladi. Farg‘onada ham ana shunday turizm ko‘chasi tashkil etish borasida ishlar boshlandi.
“Turizm gastronomik markazlari”, “turizm qishloqlari”, “turizm ko‘chalari”ni barpo etish orqali xalqimizning turmush darajasini oshirish hamda tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun munosib infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda Farg‘ona shahrining Kashtanzor ko‘chasida “Turizm ko‘chasi”ni barpo etish ishlari boshlandi.
–Shahrimizning markaziy Kashtanzor ko‘chasida umumiy uzunligi 2,5 kilometr bo‘lgan “Turizm ko‘chasi” ni xiyobon ko‘rinishida qurish rejalashtirilgan, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasining turizm va madaniy meros infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Shoxrux Hoshimov. – Bu hudud tunda ham eng yorug‘ manzillardan biri bo‘lishi uchun zamonaviy chiroqlar o‘rnatiladi. Yozning jaziramasi, kuzning yomg‘irlarida sayrning davomiyligini ta’minlash maqsadida eng chiroyli o‘rindiqli soyabonlardan foydalaniladi. Ko‘cha bo‘ylab jonli san’at burchaklari tashkil qilinib, rassomlarning rasm chizishi, haykaltaroshlarning haykal yasashi, sozandalarning musiqa asboblarini chalishi uchun maxsus joylar va sahnalar quriladi. Suvinerlar savdosi, milliy hunarmandchilik mahsulotlari rastalari uchun ham joy ajratiladi. Sanitariya-gigiyena punkti va albatta, turizm axborot markazi qurilib, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomli kinoteatr, viloyat madaniyat uyi, “Yoshlik” restorani, Markaziy dehqon bozori, “Asia.uz” supermarketi, “Vook cafe” kabi majmualarining ham ushbu hududda joylashgani “Turizm ko‘chasi”ning ko‘rinishini yanada boyitadi.
“Turizm ko‘chasi”da o‘zbek xalqining milliy urf-odat va an’analariga bo‘y ko‘rsatib turishiga alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, kulolchilik, atlas-adras to‘qish ustaxonalari uchun alohida joy ajratiladi. Chunki sayyohlar o‘zbek xalqi va ularning kundalik yumushlariga ko‘proq qiziqadi. Shuningdek, piyodalar, velosipedlar uchun alohida yo‘laklar va ko‘cha bo‘ylab sayr uchun maxsus kichik transportlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Selfi va WI-FI zonalari esa bugungi texnologiyalar asriga mos ravishda rivojlantirilayotgani Farg‘ona zaminiga turistlar maskaniga aylantirishda o‘ziga xos imkoniyat eshiklarini ochadi.
Viloyatda turizm salohiyatini oshirish, turlarini ko‘paytirish uchun ko‘plab imkoniyatlar bor. Shu maqsadda 250 ga yaqin joylashtirish vositalari (shundan 200 tasi oilaviy mehmon uylari), 40 dan ortiq turoperatorlik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Zamonaviy avtobuslar, Qamchiq dovoni bo‘ylab yengil avtomashinalar qatnovining yo‘lga qo‘yilgani dunyo xalqlarining vodiy viloyatlariga bo‘lgan e’tibor va qiziqishini oshirmoqda. O‘zbekiston gavhari bo‘lgan bu zaminga bir keling, uning havosidan nafas oling, sayohat qiling!
Ma’sudjon Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA