Farg‘onaga investitsiya oqimi kuchaymoqda (+video)
–2024 yilning 6 oyi davomida 715 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Uning 400 mln dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi, – deydi Farg‘ona viloyati investitsiyalar va savdo–sanoat boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Abdulla Hanazarov. –Bundan tashqari Farg‘onada 50 mln dollarlik elektromobil ishlab chiqarish loyihasi, Germaniyaning 50 mln dollarlik investitsiyasi, shuningdek, Yaponiya bilan hamkorlikda mehmonxona va yapon bog‘i bunyod etilyapti.
Ha, Farg‘ona viloyati xorijiy investitsiya kiritishga ohanrabosi bo‘lgan mintaqaga aylandi. Bu albatta avvalo qonunchilikdagi qulaylik va farg‘onalik tadbirkorlarning ishbilarmonligi tufaylidir.

Masalan, birgina Quvasoy shahrida 2024 yilda 67,2 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, yanvar-may oylarining o‘zida uning 54,7 mln dollarligi o‘zlashtirildi. Bundan tashqari Xitoy investorlari qiymati 75 mln dollarga teng keramogranit va farmotsevtika korxonalarini tashkil etishga kirishdilar.

Yoshlar sanoat zonasidagi “BLUE CARBON” korxonasi esa farg‘onalik tadbirkorlar Xitoyning Shandon provinsiyasiga qilgan tashrifi natijasidir. Tadbirkor auksion orqali sotib olgan maydonga to‘rt oyda bino inshootlarni qurdi, quyosh panellari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy texnologiya keltirib o‘rnatdi. Ma’lumki, “BLUE CARBON” mahsulotini yuzdan ziyod mamlakatlarga eksport qiluvchi dunyoning 3 ta yirik kompaniyalaridan biridir. Endi u quvasoylik tadbirkor bilan hamkorlik o‘rnatdi.


–Loyihaning birinchi bosqichida 10 mln, jami 15 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi. 50 dan ziyod yoshlar ish bilan band bo‘ldi. Axborot texnologiyalari universitetining 20 ta bitiruvchilari ham ishga olindi, – deydi Quvasoy shahar hokimining o‘rinbosari Salim Nishoqulov. –Quyosh panellari, ko‘cha chiroqlari, zaryadlovchi ya’ni, quvvatlantiruvchi buyumlar shu joyda ishlab chiqarilmoqda. Loyihaning quvvati 172 ming dona ko‘cha chiroqlari, 450 ming dona quyosh panellari va 450 ming dona batareyalar yig‘ishdir.


Loyihaning ikkinchi bosqichida u yanada kengaytiriladi va ishchi o‘rni 200 taga yetkazildi. Kelgusida harakat vositalari uchun quvvatlantiruvchi batareyalar ishlab chiqarish ustida ham muzokaralar olib borilmoqda. Hozircha esa, Quvasoydagi bu korxona dastlab ko‘cha chiroqlaridan o‘z brendini yaratmoqchi.


Yo‘l patrul xavfsizligi xizmati mutaxassislarining ta’kidlashicha ro‘y berayotgan yo‘l-transport xodisalarining yarmi tunda, ya’ni manzillararo ko‘chalarning yoritilmasligi sababli ro‘y bermoqda ekan. Quvasoydagi mazkur korxonaning foydalanishga topshirilishi esa ana shu ko‘ngilsiz voqealarning oldini olishga xizmat qiladi. Chunki bu yerda 40 turga yaqin ko‘cha chiroqlari ishlab chiqarilyapti va ularning hammasi quyosh panellari asosida ishlaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZA6wKSAh90M" title="Fargʻonaga investitsiya oqimi kuchaymoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Reklama to‘g‘risidagi qonunchiligimiz tufayli Quvasoyning yangi brendi haqida batafsil ma’lumot bera olmaymiz. Ammo mamlakatimizning o‘n minglab kilometr ko‘chalariga aynan yashil energiyaga asoslangan yoritgichlar kerak. Biz faqat manzilni ayta olamiz xolos: ularni Quvasoydan topasiz.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA