Farg‘onadagi kasb-hunar maktabida qulupnay pishdi
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida tashkil etilgan issiqxonada qulupnay pishdi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish tadbirlarining ko‘rilayotgani o‘z samarasini bera boshladi. 6 sotix maydonda zamonaviy issiqxona qurildi va birinchi hosil – qulupnaylar pishib yetildi.
Aytishlaricha hosilga kirgan ko‘chatlar bahor oylariga qadar hosil beradi. Shuningdek, issiqxonada 80 tup limon ko‘chatlari ekilgan. Ular keyingi yilda hosilga kiradi. Shu bois nihollar orasiga qulupnay, sarimsoqpiyoz, rediska va ko‘katlar ekish yo‘lga qo‘yildi. Ekinlar tomchilatib sug‘orilmoqda. Issiqxona kasb-hunar maktabining agronomiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan yoshlar uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Ishlab chiqarish ustalari va o‘quvchi-yoshlar tashabbusi bilan biogomus ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, – deydi kasb-hunar maktabi direktori Hurmatillo Turdaliyev. – Chuvalchang boqish orqali olinadigan bu mahsulotning hosildorlikni oshirishdagi foydasi katta. Bundan tashqari, tikuvchilik, avtomobilsozlik, elektr-gaz payvandchilik, elektromontyor, agronomiya yo‘nalishlarida ishlab chiqarish ustaxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu kasb-hunar yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Shuningdek, kasb-hunar maktabining bo‘sh turgan binosi ijara shartnomasi asosida tadbirkorga berilgan bo‘lib, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. O‘quvchilar bu yerda hunar o‘rganish bilan birga, darsdan so‘ng daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA