Farg‘onada yangi tibbiyot universiteti ochildi
Farg‘ona shahrida yangi xalqaro tibbiy oliygoh – Central Asian Medical University (Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti) faoliyat boshladi.
Nurillo Mamasodiqov rahbarligidagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida Farg‘ona viloyatining yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Meridian Diagnostic Hospital” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan ushbu oliygoh loyihasi uchun tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan 128 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Ochilish tadbirida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov oliy ta’lim sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor, amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi so‘nggi olti yilda bir necha barobarga oshganini ta’kidladi. Bu boradagi ishlarning amaliy ko‘rsatkichi sifatida viloyatda oliy ta’lim muassasalari soni 12 taga yetganini, yaqinda Qo‘qonda oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti ham tashkil etilayotganini, bu borada Farg‘ona respublika hududlari orasida eng yuqori o‘rinlarda ekanini qayd etdi.
[gallery-9326]
“Meridian Diagnostic Hospital” mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibida hozirgi kunda viloyatda deyarli barcha yo‘nalishlarni qamragan 10 ta tibbiy diagnostik klinikalar faoliyat olib bormoqda. Talabalar uchun kuchli amaliyot bazasini taqdim etishga e’tibor qaratgan viloyat rahbari Hindistonning dunyoga mashhur “Apollo Hospitals” xalqaro shifoxonalar tarmog‘i hamda “Meridian Diagnostic Hospital” hamkorligida Farg‘onada tashkil etilayotgan zamonaviy tibbiy klinika ham bu yo‘nalishda katta ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.Central Asian Medical University nomiga monand bo‘lib, Markaziy Osiyoda tibbiyot sohasida o‘zining o‘rniga ega, taniqli oliygoh bo‘lishiga tilak bildirdi.
Universitet tibbiyotning eng zarur yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, oliy ta’lim – amaliyot – tibbiy muassasalar uzviy integratsiyasini yo‘lga qo‘yishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Oliygoh bu yil davolash ishi, stomatologiya va pediatriya yo‘nalishlarida 600 nafar talabani qabul qilgan bo‘lsa, kelgusi o‘quv yilidan boshlab 1500 nafar talaba tahsil oladi. Oliygohda respublikamizda tibbiyot sohasida ko‘zga ko‘ringan professor-o‘qituvchilar, malakali xorijlik mutaxassislar ta’lim beradi.
M.Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA.