Farg‘onada “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bunyod etiladi
Farg‘ona shahrini har tomonlama rivojlantirishda istiqbolli loyihalarning o‘rni katta. bugungi kunda viloyat markazida bu borada muayyan ishlar olib borilayotir.
Iqtisodiyotning diversifikatsiyasi natijasida so‘nggi yillarda farmatsevtika sohasi ham viloyat iqtisodiyotida salmoqli ulushga ega bo‘lmoqda. Shahardagi “Afrosiyob” mahalla fuqarolar yig‘inida “Afrosiyob shifo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan farmatsevtika yo‘nalishida qiymati 7,8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mazkur korxonadagi qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Natriy xlor, metrid, metronidazol, orsa, glyukoza va boshqa jami 48 turdagi dori-darmonlar va eritmalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladigan ushbu korxonada hozirda qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirib, uskuna va jihozlar keltirilmoqda. Korxona kelgusi yilning yanvar-fevral oylarida ish boshlashi ko‘zda tutilgan. 3,8 million dollar tadbirkorning o‘z mablag‘lari hamda 4 million dollar Mikrokreditbank krediti hisobiga barpo etilayotgan korxonada 180 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ayni kunlarda Farg‘onada barpo etiladigan ekoshahar o‘rtasidan oqib o‘tishi rejalashtirilgan kanal qurilishi jadal davom etmoqda. Ushbu kanal ekoshahar hududida 10 gektar maydonda tashkil etiladigan "Yangi O‘zbekiston" bog‘ini suv bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan. Kanal qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirgan viloyat hokimi ishlarni jadallashtirish hamda halqaro qurilish standartlariga mos sifatda amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Viloyatda hududlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar doirasida Farg‘ona shahridagi g‘alladan qisqargan maydonlarda raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda. Shaharning Beshbola mavzesidagi 407 gektar g‘alladan qisqaradigan maydonda bir qator loyihalar amalga oshiirilishi rejalashtirilgan. Tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda eng samarali ekin turini tanlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi sub’ektlarning manfaatdorligini ta’minlash bu jarayonda asosiy omil bo‘ladi.
Viloyat rahbari bu loyihalarni tahlil qilib, zarur ko‘rsatmalar berdi. Ilmiy asoslangan intensiv agrosanoat tizimini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi salohiyatini yanada oshirish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun kooperatsiya usulida ish tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasida bo‘lib, bu yerdagi shart-sharoitlar hamda ijodiy guruh faoliyati bilan tanishdi. Joriy yildan e’tiboran viloyat filarmoniyasi Qirgulidagi “Kimyogar” madaniyat saroyi bino va inshootlarida faoliyat yuritmoqda.
Filarmoniya rahbari Otabek Muhammadzohid filarmoniya faoliyati hamda taqdim etilayotgan ijodiy dasturlar haqida ma’lumot berdi. Ijodiy izlanishda ekanliklarini, yangi san’atkorlarni kashf etish hamda filarmoniyaga jalb etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ijodiy guruh bilan muloqot davomida san’atkorlar o‘z repertuarlaridan o‘rin olgan turli yo‘nalishdagi qo‘shiqlardan parchalar ijro etdilar.
Filarmoniya faoliyati bundan buyon har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, faoliyati rivojlantirilishini ta’kidlagan viloyat hokimi qisqa muddatlarda ijrochilar va raqqosalar uchun zamonaviy sahna liboslari sotib olish, filarmoniya mashg‘ulot xonalarini ta’mirlash hamda isitish tizimini kuchaytirish, viloyat teatr va san’at saroyida, shuningdek shahar va tumanlar markazlarida filarmoniya konsertlarini tashkil etish bo‘yicha viloyat mas’ullariga tegishli topshiriqlar berdi. Shuningdek, filarmoniyaga olib keluvchi ichki yo‘llar asfaltlanadigan bo‘ldi.
[gallery-4303]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA