Farg‘onada yana bir oliygoh ish boshladi (+video)
Farg‘ona mamlakatning yirik oliy ta’lim markazlaridan biriga aylandi. Bugun bu yerda o‘nga yaqin universitet, institut yana beshta xalqaro ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Janubiy Koreya, Latviya, Ummon kabi davlatlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan o‘quv yurtlari esa 2+2, 3+1 tizimida, ya’ni bakalavriatning ma’lum yillarini xorijdagi tayanch muassasasida o‘qiydigan shaklda ish olib boryapti.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi arafasida Farg‘ona shahrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ummon Sultonligining “Atyab International Services” kompaniyasi ishtirokida, Jahon bankining «Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish» loyihasi doirasida 19,5 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi. Uning rektori, texnika fanlari doktori Rustam Tojiyev. Xalqaro institutning buguni va istiqboli haqida bizga quyidagilarni gapirib berdi.

–Oliygohda xalqaro tendensiyalarni aks ettirishga moslashgan «ilmga asoslangan, amaliyot va biznesga yo‘naltirilgan ta’lim» tamoyili asosida xalqaro tan olingan sifat standartlarini joriy eta oladigan yuqori malakali kadrlar, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kichik va o‘rta biznes uchun raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan mukammal texnologlar, yetuk kadrlar va biznes rahbarlari tayyorlanadi.
Sohada ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyalari, bozor tendensiyalari, xavfsizlik va sifat standartlari (kodeksi), tarmoqni boshqarish usullari va mahsulot bo‘yicha ma’lumotlar kabi yo‘nalishlarda ta’limni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, meva-sabzavot, sut, go‘sht, non va qandolat mahsulotlarini, moyli urug‘lar, asal va ziravorlarni qayta ishlash hamda don mahsulotlari bo‘yicha zamonaviy biznes inkubatsiya xizmatlarini ko‘rsatish maqsad qilingan.

O‘quv jarayoniga malakali chet ellik hamda xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan, malakasini oshirgan xalqaro tajribaga ega mahalliy mutaxassislar jalb qilinadi.
Oliygohga bu yil bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 97 ta davlat granti va 430 ta to‘lov-kontrakt bo‘yicha talabalar qabul qilinmoqda.
Bundan tashqari, Ummon Sultonligining “Atyab iInternational services” kompaniyasi bilan hamkorlikda institut huzurida xalqaro sifat va nazorat standartlariga javob beradigan meva-sabzavot, sut, go‘sht, non va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash liniyalari bo‘yicha 12 ta inkubatsiya markazlari tashkil etiladi va bu orqali talabalarning haq to‘lanadigan malakaviy amaliyotlarini tashkil etish hamda inkubatsiya markazlarida korxonalarning sanoat namunalaridan laboratoriya tahlillarini amalga oshirish orqali byudjetdan tashqari mablag‘lar topish imkoniyati yaratiladi. Ushbu markazlarni tashkil etish va institut infratuzilmasini takomillashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha Jahon bankidan 8 million AQSH dollari va markazlarni, o‘quv-tajriba uchastkalarini tashkil etish uchun institutga yaqin hududdan 5 gektar yer maydoni ajratiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VBPSIzpB1Zo" title="Farg‘onada yana bir oliygoh ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, institut huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Agrobiznes sub’ektlari salohiyatini oshirish markazi — Capacity building center tashkil etiladi.
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti huzuridagi Qo‘qon qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar texnikumi negizida Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzuridagi Qo‘qon oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish texnikumi tashkil etildi. Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar institutga sohaga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali ikkinchi kursga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Oliygohda o‘qitish davlat ta’lim standartlarini hisobga olgan holda ingliz, rus va o‘zbek tillarida hamda kunduzgi, sirtqi, masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha dual ta’lim tizimi joriy qilinadi.
2024 yil 1- yanvardan boshlab institut ilmiy salohiyatini oshirish uchun oziq-ovqat sanoati va uni qayta ishlash bo‘yicha ilmiy pedagogik kadrlar (tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov