Farg‘onada xorijiy investitsiyalar miqdori oshmoqda
Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 329 million dollardan ortiq investitsiyalar jalb etildi. 2017 yilda xorijiy davlat kapitali ishtirokida faoliyat yuritayogan korxonalar soni 149 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, qo‘shma va xorijiy korxonalar soni 460 tadan oshdi.
Hamkorlik aloqalari natijasida viloyatda rentgen ishlab chiqarish bo‘yicha O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan “Listem Fergana”, sement ishlab chiqarish bo‘yicha “Yasin qurilish”, shuningdek, "Moderna Ceramic Industries Fergana", "Los gigantes textiles", “Ekokerama”, “Fergana Global textile” kabi xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar ishga tushirildi. Shuningdek, ta’lim sohasida Latviyaning axborot tizimlari menejmenti oliy maktabi filiali, Koreya xalqaro universiteti kabi oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birgalikda Turkiyaning Bursa Ulug‘dag‘ hamda AQSHning Vebster universitetlari filialarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
bugungi kunda viloyatning do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan davlatlar hamda diplomatik korpuslari soni 47 tani tashkil etmoqda.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 201 ta loyiha bo‘yicha investitsiyalar o‘zlashtirilib, shundan 188 ta loyihada 332,3 million dollarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar tashkil etdi. Yil yakuniga qadar amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 423,1 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA