Farg‘onada “valyuta operatsiyasi”ga nuqta qo‘yildi
Barchamizga ma’lumki xorijiy valyutalarni ayirboshlash, sotish va sotib olish bo‘yicha qonunchiligimizda muayyan normalar belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish borasida yengilliklar yaratilmoqda. Bu sa’y-harakatlar zamirida esa xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti yotishi hech kimga sir emas. Lekin amaldagi qonun talablariga rioya etmay, o‘z manfaatini ko‘zlagan holda aylanma yo‘llar orqali naqd valyutalarni olib chiqishga urinayotgan yurtdoshlarimiz hamon uchrab turibdi. Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan shunday holatlar fosh etildi.
Farg‘ona tumanida tug‘ilgan R.R. Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan A.A. bilan ancha vaqtdan buyon tanish edi. Ular gapni bir joyga qo‘yib, o‘zlaricha reja tuzishadi va mo‘may daromad topish harakatiga tushishadi. Ya’ni R.R. o‘z tanishi J.T. bilan til biriktirib, chegara yaqinida joylashgan Mindon qishlog‘i chetida ko‘p miqdordagi AQSH dollarini qo‘shni davlat hududidagi A.A.ga o‘tkaza boshlashadi. Aniqroq aytilsa, chegara sim to‘siqlarining bu tarafidan matoga o‘ralgan valyutalarni uloqtirishadi, narigi tarafda esa A.A. “qabul qilib oladi”. Bu ish asosan tong sahar vaqtida yuz beradi. Shu tarzda bu jinoiy guruh tomonidan bir necha bor “valyuta operatsiyasi” muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Albatta, har bir o‘tkazmadan so‘ng ular 100-200 AQSH dollari miqdorida “siylanishadi”. Lekin...
Joriy yil 8 iyul kuni har doimgiday R.R. bilan kelishilgan joyga o‘zining “Kobalt” rusumli avtomashinasida otlangan J.T. bu oxirgisi ekanini xayoliga ham keltirmadi. U Farg‘ona tumani “Mindon – Boymahalla” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida jinoyat ustida qo‘lga olindi. Undan 152 ming 663 AQSH dollari (1 milliard 665 million 905 ming so‘mga teng) miqdorida qora sellofanga o‘ralgan pul mablag‘lari daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi. Uning jinoiy sherigi R.R. ham tezkorlik bilan ushlandi.
Guvohlar va daliliy ashyolar asosida olib borilgan tergov ishlari yakunlanib, mazkur jinoiy ish sudda ko‘rildi. Sud esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida aybdor deb topib, har ikkisiga qilmishiga yarasha jazo tayinladi. Ashyoviy dalil sifatida olingan 152 ming 663 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ esa davlat egaligiga o‘tkazildi.
M.Sulaymonov, O‘zA