Farg‘onada tib ilmi olimlari yig‘ildilar
Farg‘ona shahridagi «Farg‘ona ekspo» markazida o‘tayotgan birinchi xalqaro ko‘p tarmoqli kongressning nomi bejizga «ATLAS» emas.
Atlas – Farg‘ona bilan chambarchas bog‘liq qadriyat. Unda ranglar uyg‘unligi, nafosat, go‘zallik va milliy madaniy merosimiz mujassam.

Bugun esa «ATLAS» nomi yana bir o‘ziga xos uyg‘unlikni ifodalamoqda: turli mamlakatlar, turli tibbiyot maktablari, turli ilmiy qarashlar yagona maydonda.
Kongressda 130 nafardan ortiq spiker va 250 nafardan ziyod ishtirokchi inson salomatligi, hayot sifatini yaxshilash va sog‘lom uzoq umr ko‘rishga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy-amaliy yondashuvlar xususida fikr almashmoqda.

Dastur ham keng qamrovli: plastik va rekonstruktiv jarrohlik, estetik tibbiyot, dermatokosmetologiya, yuz va bo‘yin estetik jarrohligi, sut bezi xirurgiyasi, in’eksion va apparat texnologiyalari, kompleks estetik korreksiya usullari...
Ma’ruzalar bilan birga master-klasslar, amaliy mashg‘ulotlar va fanlararo sessiyalar ham tashkil etilmoqda.
Atlas matoda ranglarni birlashtirsa, «ATLAS» kongressi Farg‘onada ilm, tajriba va zamonaviy tibbiyotni bir maydonda birlashtirmoqda.
Xalqaro kongress 19-sentabr kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA