Farg‘onada sayyohlar maqom tinglab, raqsga tushdi (+video)
Farg‘ona davlat universitetida "Turizm – millatlararo hamjihatlik va milliy madaniyat tayanchi" shiori ostida maqom tanlovi va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 iyun kuni o‘tkazilgan hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mazkur yo‘nalishda aniq vazifalar belgilab berildi. Xususan, yurtimizga kelayotgan sayyohlarning milliy madaniyat va san’atimizga qiziqishi kuchli. An’anaviy festivallar tashkil etilishi bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Turizm manzillarida maqom, milliy madaniyatimizni targ‘ib etish orqali sayyohlarning qamrovini kengaytirish, do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish mumkin.
Farg‘ona davlat universitetida tashkil etilgan maqom tanlovi va konsert dasturi barchani o‘ziga chorladi. Tanlovda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari maqomchilari, milliy cholg‘u ansambllari, taniqli xonandalar, havaskor ijrochilar ishtirok etdi.
O‘zgacha milliy ruh ulashgan ushbu maqom konsertini viloyatga kelgan mehmonlar, xususan, AQSH, Germaniya, Italiya, Hindiston, Pokiston davlatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar katta qiziqish bilan tinglab, o‘zbekona kuy va raqslarga jo‘r bo‘ldilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MC-FjFzVKAk" title="Farg‘onada sayyohlar maqom tinglab, raqsga tushdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tanlovda Farg‘ona davlat universitetining san’atshunoslik fakulteti talabalari G‘iyos Mavlonov, Azizbek Azimov, Azimjon Hojimamatov, Mubina Jo‘rayeva hamda Hayot Mirkomilov g‘olib bo‘ldi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri