Farg‘onada pedagoglarning bilim va mahorati sinovdan o‘tkazilmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi 28-umumta’lim maktabi binosida viloyat ta’lim muassasalari pedagoglari ishtirokida attestatsiya sinovlari o‘tkazilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari malaka test sinovlaridan o‘tkazilishi belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli beriladi.
Ikkinchi bosqichda ishtirokchilarning pedagogik mahorati baholanadi. Bunda 10 ta savol-topshiriq beriladi.
Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.
Ta’kidlash kerak, joriy yilning birinchi yarim yilligida o‘tkazilgan attestatsiya jarayonlariga viloyat bo‘yicha jami 25 ming 209 talabgor pedagogdan ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 18 ming 825 nafari test jarayonlarida ishtirok etgan.
Mazkur sinovning ikkinchi yarim yilligida o‘tkazilayotgan jarayonlarga jami 21 ming 209 talabgor pedagogdan ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 17 ming 519 nafardan ziyodi test jarayonlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
[gallery-20088]
Attestatsiya natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shaklda pedagoglarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Ushbu attestatsiya sinovlari aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA