Farg‘onada oromgohlar bolajonlarni kutmoqda
Farg‘ona viloyatidagi oromgohlarga joriy mavsumda 10 mingdan ziyod bola qamrab olinishi mo‘ljallangan bo‘lib, 14 ta statsionar oromgoh bolalarga yoz mavsumini ko‘ngilli o‘tkazishga xizmat qiladi. Shu bois barcha oromgohlar shay holatga keltirilib, har bir kun maroqli o‘tishi uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
– Bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 noyabr kungi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan, – deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Davlatjon Boboyev. – Viloyatimizda yoz mavsumi davomida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bu yilgi yoz mavsumida Farg‘ona viloyatida 14 ta statsionar oromgoh faoliyat yuritishi va ularda 10 ming 610 nafar (7-14 yoshdagi) o‘g‘il-qiz dam olishi hamda sog‘lomlashtirilishi belgilab olindi. Sog‘lomlashtirish oromgohlarini mavsumga tayyorlash maqsadida joriy ta’mirlash ishlari 25 may kuni to‘liq yakunlandi.

Taraddud ishlari doirasida 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Misol uchun, Rishton tumanida joylashgan “Rishton” oromgohida cho‘milish havzasi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi. Quvasoy shahridagi “Vodiy gavhari” oromgohiga yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
O‘z navbatida, viloyatda o‘quvchilarning yil davomida maroqli hordiq chiqarishiga erishish ham ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Shu maqsadda joriy yilda viloyatning olis So‘x tumanida joylashgan “So‘x” oromgohi yozgi mavsumdan tashqari sentyabrdan may oyigacha faoliyat olib borishi rejalashtirildi. Hozir buning uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilmoqda.

Bundan tashqari, mavsum hozirligi jarayonida Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari tomonidan barcha oromgohlarda bolalarni dam oldirish, sog‘lomlashtirish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilganligi o‘rganildi hamda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Shuningdek, mavsum davomida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida faoliyat olib boradigan katta tarbiyachi, tarbiyachi va yetakchilar uchun har bir smena uchun 12 kunlik namunaviy dastur ishlab chiqildi. O‘tgan davrda dasturning mazmun-mohiyati, unda belgilangan tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etilib, tarbiyachi va yetakchilarning malakasi oshirildi. Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan oromgohlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri