Farg‘onada ommaviy sport bilan shug‘ullanayotganlar juda kam
Farg‘ona tumani Yordon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Siroj ota Kengashov salkam to‘qson yoshda.
Uning shijoatiga, tetik va bardamligiga albatta, havas qilasiz.
Buning siri nimada ekanligi bilan qiziqqanimizda u “piyoda ko‘p yuraman, doimo harakatdaman” deya javob berdi. Bugun oramizda o‘z sog‘ligi uchun qayg‘urib, sport mashg‘ulotlarini kundalik hayot tarziga aylantirgan yurtdoshlarimiz ko‘plab topiladi.
Insonning uzoq umr ko‘rishi va salomatligini mustahkamlashda jismoniy faollik, sog‘lom turmush tarzining o‘rni katta. Mamlakatimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sog‘lom hayot kechirishlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimizning joriy yil 30 oktyabrda qabul qilingan “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (T) farmoni buning amaliy ifodasidir. Xo‘sh, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida bu boradagi ishlar qay darajada tashkil qilingan?
Viloyatda sport bilan ommaviy ravishda shug‘ullanayotganlar 436 ming nafarni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich umumiy aholining atigi 7,1 foiziga teng. Albatta, bu holat achinarlidir.
Sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish natijasida aholining 233 ming nafari yurak-qon tomir, 55 ming nafari nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi, 4 ming nafardan ortig‘i ortiqcha vazn kasalliklaridan aziyat chekmoqda. Viloyat aholisining 41 foizida qondagi xolesterin miqdori ortgan.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, o‘rganish natijasida 171 ta davlat idoralari, 48 ta korxona-tashkilotlarda sport bilan shug‘ullanish uchun umuman sharoit yaratilmagani aniqlandi. Viloyatda faoliyat olib borayotgan 1 ming 258 nafar murabbiylarning 452 nafari (35,9 foizi) o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Hozirda shahar-tumanlarda turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha 60 nafar murabbiyga ehtiyoj bor. Viloyatning 12 ta markaziy ko‘chalari, 500 ta mahalla, 93 ta qishloq, 2 ta madaniyat va istirohat bog‘ida piyoda, velosipedda yurish uchun maxsus yo‘laklar, ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari uchun sport maydonchalari yo‘q.
– Tumanlar markazlari va shaharlarda piyoda, velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari” hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga “To‘siqsiz muhit” yaratish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda, -–deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Dadajonov. – O‘z navbatida 125 ta sport zallari, 9 ta sport inshooti va 268 ta sport maydonchalarini qurish va ta’mirlash ishlarini 2021 yildan boshlab bosqichma-bosqich rivojlantirish dasturiga kiritish rejalashtirildi. Davlatimiz rahbari qarori asosida O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali tashkil etilayotgani ham sportni rivojida katta ahamiyatga ega.

Ayni kunlarda shahar-tumanlarda, tashkilot va korxonalarda badantarbiya mashg‘ulotlari, yurish marafonlari o‘tkazilmoqda. Ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida turli musobaqalar tashkil etilyapti.
M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA