Farg‘onada “Nafosat” festivali bo‘lib o‘tmoqda
Farg‘ona viloyatida o‘zbek milliy kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil etishga qaratilgan “Nafosat” festivali boshlandi. Festival doirasida davra suhbatlari, ko‘rik-tanlovlar va boshqa ommaviy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqimizga xos bo‘lgan qadriyatlarni kiyinish madaniyatidan ham yaqqol ko‘rish mumkin. Marg‘ilonning ipak matolaridan tikilgan liboslar xotin-qizlarga tarovat, orastalik va ko‘rk bag‘ishlaydi. Shu bois bugungi kunda milliy modani shakllantirishni davrning o‘zi taqazo etmoqda. Mazkur “Nafosat” festivali bejirim va nafis milliy liboslarni keng targ‘ib etish, o‘zligimiz va qadriyatlarimizga mos kiyimlarning betakror dizaynini qayta tiklash hamda zamonaviylikni uyg‘unlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tadbirning dastlabki kunida Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandlar markazi” shahar va tumanlardagi dizayner va hunarmandlar o‘rtasida “Nafosat-2020” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar “Ishbilarmon va yetakchi ayol”, “Talaba qiz”, “Ijodkor ayol”, “O‘zbek ayolining ro‘mol o‘rash san’ati” nominatsiyalari bo‘yicha baholandi.
– Atlas, adrasdan zamonaviy dizayn asosida liboslar tikishga qiziqaman – deydi Marg‘ilon shahrilik Oydinoy Rahimova.

– Albatta, har bir insonning o‘ziga xos didi bor. Biz ularni taklifini ham inobatga olishimiz kerak. Milliy liboslarga zarur me’yorlarni saqlagan holda zamonaviylik singdirilsa, haqiqiy nafosat va go‘zallik namoyon bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Yilning eng yaxshi yosh modeler-dizayneri”, “Milliy yo‘nalishdagi eng yaxshi modeler-dizayner” ko‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi.

M. Sulaymonov, O‘zA