Farg‘onada muammolar o‘rganilib, istiqbolli loyihalar belgilandi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosarlari Ozoda Parpiboyeva va Islom Hamroyev boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyatida bo‘lib, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Videokonferensiya shaklidagi muloqotlarda deputatlik nazoratini kuchaytirish, saylovchilar bilan ishlash samaradorligini oshirish, aholi murojaatlarini tizimli o‘rganish va ularga amaliy yechim topish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda partiya loyihalari natijadorligini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
O‘rganishlar doirasida Qo‘shtepa tumanidagi «Global tekstil» MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Korxonada 860 nafar ishchi mehnat qilmoqda, ularning 726 nafari xotin-qizlar. Joriy yilda korxona 5,5 million AQSH dollarilik trikotaj mahsulotlarini Rossiya va boshqa MDH davlatlariga eksport qildi.
[gallery-31030]
Farg‘ona shahridagi «Status soft» oilaviy korxonasida forel balig‘i yetishtirish loyihasi ham ko‘zdan kechirildi. Ayni paytda 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Tadbirkor kelgusida ishlab chiqarish quvvatini kengaytirib, 300 ming dona baliq yetishtirish va 20 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan. Uchrashuvda loyihani rivojlantirish bilan bog‘liq takliflar muhokama qilindi.
Ishchi guruh Bag‘dod tumanidagi Samandarak mahallasida ham bo‘lib, aholi bandligini ta’minlash, hunarmandchilik va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.
Mahallada 4 ming 582 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 320 nafar tadbirkor, jumladan, 200 nafar hunarmand faoliyat yuritmoqda. 2026–2027-yillarda mahallaning kompleks rivojlanishi uchun 5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Samandarakning an’anaviy hunarlaridan biri — temirchilikni zamonaviy ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish maqsadida 5 gektar maydonda «Samandarak temirchilik sanoat markazi» tashkil etiladi. Loyiha doirasida 70 ta ishlab chiqarish maydoni barpo qilinib, 2026–2027-yillarda beshta mahalladagi 800 nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvlarda aholi va tadbirkorlarning muammo hamda takliflari tinglanib, yangi ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirish, hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash va mahallalarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA