Farg‘onada “Kiabi” brendi bilan liboslar ishlab chiqariladi
Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan “Global Textile” mamlakatimizdagi yetakchi to‘qimachilik kompaniyasi bo‘lib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda. Paxta yetishtirishdan boshlab to uni qayta ishlab, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjirni yaratgan kompaniyada bugungi kunda qariyb 7 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan.
Qo‘shtepa tumanidagi to‘qimachilik korxonasi ishga tushirilib, bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari o‘rnatilgan. Korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yevropa davlatlari va Xitoyga 85 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qozog‘istonning Turkiston viloyatida ham “Global Textile Turkestan” paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etildi.
Ayni kunlarda kompaniya xorijlik hamkorlar bilan yangi loyihalarni amalga oshirishga kirishmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning dunyoga mashhur brendi bo‘lgan “Kiabi” kompaniyasining global ta’minot bo‘yicha direktori Xuan Penagos boshchiligidagi kompaniya vakillari hamda “Global Textile” kompaniyalar guruhi asoschisi Muzaffar Razoqov bilan uchrashuvda “Kiabi” brendi ostidagi liboslarni ishlab chiqarish loyihasini muhokama qildi.

Dunyoning 25 ta mamlakatida 600 ga yaqin savdo do‘koni mavjud, yillik aylanmasi 2,5 milliard dollarga teng bo‘lgan “Kiabi” kompaniyasi vakillari o‘z liboslarining ishlab chiqarilishida paxta ekishdan boshlab tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonda ekologik xavfsizlikni, atrof-muhitga zarar yetmasligini ta’minlash, bu zanjirning barcha bo‘g‘inlarida muqobil energiya manbalaridan, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish ustuvor talab ekanligini qayd etdi. “Global Textile” kompaniyasi o‘z boshqaruv falsafasi hamda zamonaviy texnologiyalari bilan ushbu talablarga to‘la mos kelishi ta’kidlandi.
Dastlabki bosqichda futbolkalar, pololar hamda jinsilar ishlab chiqarish bilan boshlanadigan hamkorlik kelgusida uy tekstili mahsulotlari bilan davom ettirilishi ma’lum qilindi. Loyiha doirasida tekstil mahsulotlari bilan birga, barcha zaruriy aksessuarlar, yorliqlar, qadoqlash mahsulotlarini ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Mahsulotlarni Yevropa bozorlariga yetkazishda yangi tranzit koridorlari ochilayotgani, shu jumladan, O‘zbekistondan Turkiyagacha yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilayotgani “Kiabi” vakillari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Xuan Penagos xorijiy mamlakatlarda “Kiabi” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlayotgan korxonalar haqida ma’lumot berdi hamda Xayrullo Bozorov boshchiligida Farg‘ona viloyati vakillarini Bangladeshdagi ana shunday korxona faoliyati bilan tanishish uchun taklif qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda paxtani yarim xomashyo sifatida sotishni emas, yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni maqsad qilgan islohotlar o‘z samarasini berayotgani, paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish orqali paxtani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlar bilan jahon bozoriga chiqib borilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston uchun kuchga kirgan Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) viloyatning tekstil-trikotaj mahsulotlari uchun Yevropa bozorida qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etgani ta’kidlandi, amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ushbu imkoniyatdan yanada kengroq foydalanishga yo‘l ochilayotganiga e’tibor qaratildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri