Farg‘onada huquqbuzarliklar dronlar orqali aniqlanmoqda
Har bir yo‘l-transport hodisasi ortida bittadan bir necha nafar inson taqdiri yotibdi.
Kunlik voqea-hodisalarni hisobotini o‘qib boraman. Bilasizmi, qurbonli yo‘l-transport hodisasi degan jumlaga ko‘zim tushganda beixtiyor yuragim orqaga tortib ketadi. Haydovchi yoki yo‘lovchining arzimagan hatolikka yo‘l qo‘yishi ortidan kimdir hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. O‘tgan yili 11 oylik muddatda 203 ta bu yil 195 ta qurbonli YTH sodir bo‘ldi. Men bu oradagi 8 ta farq bilan maqtanmoqchi bo‘layotganim yo‘q. Agarda 195 ta emas, 1 ta fuqaro YTH qurboni bo‘lsa ham bu katta yo‘qotish sifatida qabul qilinishi kerak. Inson robot emaski uni qaytadan xuddi o‘zidek qilib yasash imkoni bo‘lsa. Umr bir martagina beriladigan bebaho ne’mat.
Farg‘ona viloyati hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2020 yil 4-chorak davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
«Yo‘l harakat xavfsizligi targ‘ibot kuni», «Avtomobilsiz kun» aksiyalari va boshqa targ‘ibot–tashviqot tadbirlari davomida asosiy e’tibor yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlarni kelib chiqish sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratilgan.
Viloyat hududida YPX inspektorlariga biriktirilgan mobil post va maxsus avtopatrullar yo‘llarda harakat xavfsizligi ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida xizmat olib bormoqda.
Farg‘ona viloyati bo‘ylab o‘rnatilgan fotovideofiksatsiya qurilmalari “to‘xtash va to‘xtab turish” qoidalarini buzgan, shuningdek, “To‘xtash chizig‘i”, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 1.1 sidirg‘a chizig‘iga, 3.19 “Qayrilish taqiqlangan” yo‘l belgisiga hamda belgilangan tezlikka va svetafor ishoralariga amal qilmagan transport vositalari haydovchilarning qoidabuzarliklari onlayn tartibda qayd qilmoqda.
Ushbu qurilmalarning yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rnini hisobga olgan holda tez kunlarda viloyat hududlarida mana shunday turdagi onlayn fotovideofiksatsiya qurilmalari soni yana ham ko‘paytiriladi.
Shu bilan birga, yo‘llarda tezlik o‘lchash qurilmalari bilan jihozlangan avtomobillarimiz xizmat olib bormoqda. Ana shunday multiradar qurilmalari bilan jihozlangan mobil komplekslardan 15 ta olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ulardan 3 tasi keltirilish arafasida.
2021 yil 1 yanvardan Farg‘ona viloyati bo‘ylab, uchuvchisiz uchadigan qurilmalar yordamida huquqbuzarliklar fiksatsiya qilinyapti. Ushbu qurilmalar yordamida kunu-tun patrullik tashkil etilib, yo‘l chiziqlariga, svetafor ishoralariga amal qilmagan, piyodalar o‘tish joylarida piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarni hamda tibbiy niqobdan foydalanmagan, jamoat tartibini buzgan fuqarolarning huquqbuzarliklari aniqlanadi.
Yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga tezlik o‘lchash moslamalarining maketlarini ham o‘rnatganmiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz ta’lim muassasalari hamda piyodalar ko‘p harakatlanidagan o‘tish joylariga sun’iy notekisliklar o‘rnatilyapti. Bu esa avtomobillar tezligini pasaytirib, piyodalarni belgilangan joydan xavfsiz o‘tishini ta’minlaydi.
Eng katta maqsadimiz, tizimga yangi innovatsiyalarni joriy qilgan holda inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan. Buning uchun esa barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Doniyorjon Toshxo‘jayev,
Farg‘ona viloyati ichki ishlar
boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik