Farg‘onada Farmon Toshev bilan uchrashuv (+video)
Farg‘ona davlat universiteti dargohidan mamlakatning atoqli olimlari, mashhur yozuvchi va shoirlari, O‘zbekiston qahramonlari yetishib chiqqan. Bunda ilm bilan ulug‘larning hayotiy tajribasini baravar o‘rgatish, zamonaning mashhur insonlari adiblar bilan yuzma-yuz uchrashuvlarning o‘rni katta. O‘zbek adabiyotining sermahsul ijodkorlaridan biri Farmon Toshev bilan “So‘z aytmoq saodati” ijodiy uchrashuvi ham shu maqsadga qaratilgan.
—Farg‘ona adabiy muhiti Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida ham katta nufuzga ega, — deydi Farmon Toshev. — Farg‘onaliklarning har bir asarida Otabek va Kumushni ko‘raveramiz, chunki adabiyot Farg‘onada odamlarning yuragidan joy olgan.

Uchrashuv g‘oyat samimiy ruhda o‘tdi. Olimlar yozuvchi, shoir, dramaturg Farmon Toshev ijodining o‘ziga xosligi, falsafiy qarashlari, vatanparvarlik ruhi, mahoratini tahlil qildilar.

—Farmon Toshev ijodi rang-barangligi bilan ajralib turadi, — deydi filologiya fanlari doktori Go‘zal Muhammadjonova. — Janrlar, mavzular ko‘lami turlicha. Masalan, dramalari o‘zbek dramaturgiya rivojiga salmoqli hissa bo‘ldi deyish mumkin. Farmon Toshev ijodi ilmiy tadqiqqa munosibligini ham ta’kidlamoqchiman.

So‘zga chiqqan muxlislar tilak va istaklarini bildirishdi, minbardan shoir bitgan satrlar yangradi. Adibga farg‘onacha lutf ko‘rsatildi.

—Adabiyot insonni fikrlashga, o‘zini anglashga o‘rgatadi. Adabiyot inson umriga mazmun baxsh etadi. Mana shu xulosalardan farg‘onaliklar unumli foydalanadilar. Buni har bir muxlis bilan muloqotda his qilasan, kishi, — deydi Farmon Toshev.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/TnZMmk0ZBUw" title="FARG‘ONADA FARMON TOSHEV BILAN UCHRASHUV" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov.
Elyor Olimov.