Farg‘onada eng faol hokim yordamchilari taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi Tadbirkorlar uyida viloyat shahar va tumanlarida faoliyat olib borayotgan eng faol hokim yordamchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avazbek O‘rinboyev, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Abror Rahmonov ishtirok etdi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari tomonidan hokim yordamchilariga katta ishonch bildirilganligi hamda bunga mos tarzda soha vakillari xalqimizga sidqidildan xizmat qilish muhim vazifa ekanligi qayd etildi.
Joriy yilning birinchi chorak yakuni bo‘yicha viloyatdagi 1062 mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) “Onlayn mahalla” platformasi orqali avtomatik ravishda 0 dan 100 ballgacha tizim bo‘yicha baholangani ta’kidlandi.
Shundan kelib chiqib, viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan Bag‘dod tumani “Chekxitoy” MFYdagi hokim yordamchisi Nurmat G‘oziyevga Prezidentimiz tomonidan ajratilgan sovg‘a “MacBook Pro” noutbuki tantanali topshirildi. Ijobiy natijaga erishgan 342 nafar hokim yordamchisi esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida hokim yordamchilarining ish faoliyati bo‘yicha Farg‘ona viloyati respublikada namunaviy deb topilgani alohida e’tirof etildi.
[gallery-7229]
Muqimjon QODIROV (surat) O‘zA