Farg‘ona viloyati: tibbiyotdagi islohotlar samarasi
Keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Farg‘ona viloyatida ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibor tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi qurilishi uchun byudjetdan 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, yangi bino qad rostlagani reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va go‘daklarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish yo‘lidagi ezgu ishlardan biri bo‘ldi. Tug‘ruq bo‘limining 1958 yilda qurilgan 80 o‘rinli eski binosi o‘rniga barcha imkoniyatlarga ega, 105 o‘ringa mo‘ljallangan yangi kompleks qurildi. Zamonaviy tibbiy uskunalar, mebel, laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan tug‘ruqxonada malakali xizmat ko‘rsatish imkoniyati yanada oshdi.

Shuningdek, Qirguli mavzesida 40 o‘rinli ginekologiya va 60 o‘rinli homiladorlar patologiyasi bo‘limlari mukammal ta’mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi. Qo‘qon shahri, Dang‘ara, Buvayda, Bag‘dod va Uchko‘prik tumanlarida yashovchi ayollar va chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi Qo‘qon tumanlararo perinatal markazi ochildi. Tug‘ruq kompleksini rekonstruksiya qilish uchun 13 milliard 885 million so‘m mablag‘ sarflanib, tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimligi va homiylar hisobidan 310 ming AQSH dollari qiymatiga teng tibbiy asbob-uskunalar, apparaturalar va jihozlar olindi. Xuddi shunday tumanlararo perinatal markazi Beshariq tumanida ham ish boshladi.
– Viloyatimizda qo‘shma shikastlanishlar hamda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bilan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish, o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmatini ko‘rsatish maqsadida Qo‘qon shahri, Bag‘dod va Yozyovon tumanlarida tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarining yangi qurilgan binosi foydalanishga topshirildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov. – Ushbu markazga sohaning moddiy- texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Jahon banki tomonidan 27 turdagi tibbiy jihozlar, shu jumladan, qiymati 2,5 milliard so‘m bo‘lgan multispiral kompyuter tomografiyasi apparati, 2,2 milliard so‘mlik zamonaviy rentgen-diagnostika apparati, 2 milliard so‘m qiymatidagi gemodializ apparati hamda videogastroskop va videobronxoskop apparatlari keltirilib o‘rnatildi. Bu bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va malakali davolash ishlarini olib borishda qo‘l kelmoqda.
Muhim islohotlardan yana biri shuki, ilgari viloyatda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmas, bu holat bemorlarni xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga davolashga sabab bo‘lardi. Hozirga kelib Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida ilk bor buyrak transplantatsiyaci amaliyoti bajarildi va bu doimiy ravishda yo‘lga qo‘yildi.
Tibbiy yordamning sifati va samaradorligini oshirish maqsadida chekka hududlarda konteynerlarda jihozlangan mahalla tibbiy punktlari tashkil etildi. Kerakli tibbiy uskunalar, birinchi yordam uchun 120 turdagi dori-darmon, kunduzi davolanishga kerakli mebellar, yuvinish xonalari bilan jihozlangan tibbiy punktlar chekka hududlar aholisi uchun xizmat ko‘rsatmoqda. Yaqin kunlarda hududlarda shunday qulayliklarga ega 70 ta konteyner tibbiyot punktlari ochiladi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida joriy yilning mart, may oylarida 6 nafar bemorda aorta-koronar shuntlash operatsiyalari o‘tkazildi. Iyun oyida yurak qon-tomir jarrohlik va mikroxirurgiya bo‘limi vrachlari tomonidan 4 nafar uyqu arteriyalari ateroskleroz kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda korotid endarterektomiya operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Bunday toifadagi bemorlarda o‘lim ko‘rsatkichi va nogironlik yuqori bo‘lganligi uchun filialda yurak ishemik kasalligi bilan xastalangan bemorlarni kardioxirurgik operatsiya usullari bilan davolash bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, sohadagi islohotlar natijasida tez tibbiy yordam tizimi mutlaqo yangi innovatsion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan sohaga aylantirildi. Xususan, yuqori talab va mezonlarga mos ixtisoslashtirilgan viloyat shifoxonalari, ularning shahar hamda tuman bo‘limlari qoshidagi tez tibbiy yordam xizmati bo‘limlarida butunlay yangicha tizim shakllantirildi.
Bugun tibbiyotdagi bu kabi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni har bir fuqaro o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA