Farg‘ona shahrida ko‘chatlar ekilmoqda
Mutaxassislarning ilmiy tadqiqotlari xulosalariga ko‘ra, bitta yetilgan manzarali daraxt bir kunda 200 litrgacha yer osti zaxini o‘ziga singdirib, uni barglari orqali kislorodga aylantirib chiqaradi. Shu misolning o‘zi nega davlat rahbari “Yashil makon” loyihasi tashabbuskori bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bugun ertalabdan Farg‘ona shahar markazida ko‘chatsevar yoshu keksalar, tashkilot va idoralarning vakillari yig‘ildi.
– “Yashil makon” loyihasi doirasida shu kuzning o‘zida Farg‘ona shahrida 500 ming tup daraxt ekishga joy hozirladik, – dedi Farg‘ona shahri hokimi Vosiljon Nazarov. – Zavod - korxonalar, ta’lim muassasalari, mahallalar vakillari faollik ko‘rsatmoqda. Tez kunlarda kuzgi ekish mavsumini yakunlaymiz.
Shahar nuroniylarining ezgu tilak va fotihalaridan so‘ng ko‘chat yuklangan transport vositalari avvaldan tayyorlab qo‘yilgan hududlarga tomon yo‘l oldi.
[gallery-20371]
– Shaharda kam ta’minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotganlar, turli ijtimoiy daftarlarga kiritilganlar bor, – deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Farg‘ona shahar boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ziyavitdinov. – Bugun biz yuzga yaqin ana shunday oilalar huzurida bo‘lamiz. Ularning hovlisi, uyi oldiga mevali va manzarali daraxtlar ekib beramiz.
“Yashil makon” loyihasi asosida ilgari ham yuz minglab ko‘chatlar ekilgan. Ammo ularning bir qismi turli sabablarga ko‘ra qurib qoldi.
– Bu yil ekish uchun joy tanlashda suv ta’minoti, ekishning agrotalablari ijrosi, doimiy parvarishlash, o‘g‘itlash, kesish, dorilash kabi jarayonlarga mas’ullar biriktirildi. Endi har bir daraxtning “egasi” bor, – deydi Vosiljon Nazarov.
Muhammadjon Obidov,Muqimjon Qodirov(surat),
O‘zA muxbirlari