Fargʻonaning ipak gilamlari dunyoni zabt etmoqda
Qoʻshtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasida toʻqilayotgan gilamlar har qanday kishini hayratga soladi.
Qoʻshtepa tumanidagi “Ipak gilamlar” korxonasida toʻqilayotgan gilamlar har qanday kishini hayratga soladi. Inson qoʻli bilan yaratilayotgan bu mahsulotlar – moʻjizaning oʻzi.
Koʻzni qamashtiruvchi ipak gilamlar bugun xorijda xaridorgir boʻlib, tabiiy boʻyogʻi, oʻziga xos naqshi va goʻzalligi bilan dovruq qozongan.
Mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yana-da rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda. Natijada hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan buyum va mahsulotlar nafaqat yurtdoshlarimizni, balki xorijliklarni ham oʻziga maftun etayotir. Asosiysi, hunarmandchilik bugun aholi, xususan, yoshlar bandligini taʼminlash orqali oilalar farovonligini oshiruvchi muhim yoʻnalish sifatida ham oʻzini namoyon qilayapti.
Fargʻona viloyatida milliy hunarmandchilik bilan shugʻullanayotgan tadbirkor va oilalar koʻp. Ibrohimjon Sultonov Fargʻona gilamdoʻzligini rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Qoʻshtepa tumanida 2005-yilda “Ismoiljon gilamlari” korxonasini ishga tushirib, yuzlab xotin-qizlar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratdi.
2019-yilda esa yana bir yangi loyiha amalga oshirilib, “Ipak gilamlar” korxonasi tashkil etildi. 200 nafar xotin-qiz mehnat qilayotgan mazkur korxonada yiliga 9 milliard soʻmlik 500 kvadrat metr ipak gilam ishlab chiqarish imkoniyati bor. Mahsulotlar AQSH, Turkiya, Rossiya, Eron va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
– Oʻtgan yilda davlatimiz rahbari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida bizning korxonamizda ham boʻlib, faoliyatni yana-da kengaytirish, bu yerni Fargʻona turizm yoʻnalishiga kiritish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi, – deydi korxona rahbari Ibrohimjon Sultonov. – Ayni kunlarda Bagʻdod, Quva, Yozyovon tumani kabi 7 ta hududda qoʻshimcha tarmoqlarni ishga tushirib, xotin-qizlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratildi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda rastalar tashkil etildi. Oʻtgan yilda 200 ming dollarlik eksport qilgan boʻlsak, joriy yilda bu ikki barobarga oshiriladi. Shuningdek, ayni kunlarda Margʻilon shahrida abr matolari kooperativi ham ish boshlash arafasida.
Ipak gilam toʻqish sabr, qunt va matonat talab qiluvchi mehnatdir. Bu yerda har bir gilam ishchilarning qalb qoʻri, mashaqqatli mehnati evaziga yaratiladi. Shu bois ushbu mahsulotlar oʻziga xos naqshlari, rango-rang jilolanishi bilan har qanday xaridorni oʻziga maftun etadi. Baʼzida kichik bir gilamni toʻqish uchun yillab vaqt sarf etiladi. Ipakdan toʻqilgan gilamlarning noyobligi shundaki, yillar oʻtsa ham xususiyatini yoʻqotmaydi, aksincha, rangi yana-da ochilib boradi. Shuning uchun bunday gilamlarning oʻlchami kichik boʻlsada, jahon bozorida juda qimmat hisoblanadi. Devoriy suratcha keladigan birgina gilamcha 500 dollargacha sotilishi mumkin.
Ha, bugungi kunda ipakdan toʻqilgan gilamlar sifati va pishiqligi bilan jahonni zabt etdi.