Fargʻonalik talaba uyda qolib, daromad koʻrmoqda
Onlayn darslarni oʻzlashtirish bilan birgalikda xonadonidagi tomorqada mehnat qilmoqda.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining 2-bosqich talabasi Sardorbek Abbosov karantin davrida uyda qolish bilan cheklanib qolgani yoʻq. Onlayn darslarni oʻzlashtirish bilan birgalikda xonadonidagi tomorqada mehnat qilmoqda. Oila aʼzolariga yordam berib, daromad olishni ham boshladi.
U istiqomat qilayotgan Fargʻona tumanidagi Vodil qishlogʻi oʻzining moʻtadil havosi, soʻlim tabiati va sharqirab oqayotgan soylari bilan dongʻi ketgan. Shohimardonga bormoqchi boʻlgan yurtdoshlarimiz shu qishloq orqali oʻtadi. Ayniqsa, bu yerda yetishtirilayotgan malinaning taʼrifiga til ojiz. Uncha koʻzga tashlanmaydigan bu shifobaxsh mevani oilaviy biznesning moʻjizasi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mazkur qishloqda bu mevani yetishtirish allaqachon ommalashib ketgan. Vodil malinasi bugungi kunda nafaqat viloyatda balki butun vodiyda mashhur boʻlib, bu yerda yashovchilarning aksariyati malina yetishtirish bilan shugʻullanadi.

Sardorbek bugungi kunda oʻz uyida malinani yangi texnologiyalar asosida parvarishlash, hosildorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Talaba yigitning aytishicha, har bir oila bir yilda bu mevadan ikki marotaba hosil olayotgan boʻlib, 8-10 million soʻm daromad koʻryapti. Baʼzi mirishkorlarning daromad esa bundan-da koʻp.
–Tomorqamizdan faqat oilamiz ehtiyoji uchun kerakli qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanardik, – deydi S. Abbosov.–Hozir issiqxona ham tashkil qildik. Urugʻlik koʻchatlar, shuningdek, pomidor, bodring kabi mahsulotlarni parvarishlayapmiz. Ochiq yer maydonida kartoshka, sabzi yetishtiramiz. Hovlimizda mevali koʻchatlarning barcha turi bor.
Ha, bu kabi gʻayratli yoshlarimiz karantin davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshishni maqsad qilgan. Zero, ular tomorqa – katta xazina ekanligini amalda isbotlamoqda.