Fargʻonada test sinovlariga tayyorgarlik qanday?
Fargʻona viloyatida 2020-2021 oʻquv yili uchun oliy oʻquv yurtlariga qabul test sinovlarini oʻtkazish maqsadida qizgʻin taraddud koʻrilmoqda.
Fargʻona viloyatida 2020-2021 oʻquv yili uchun oliy oʻquv yurtlariga qabul test sinovlarini oʻtkazish maqsadida qizgʻin taraddud koʻrilmoqda. Fargʻona, Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Soʻx tumanlaridagi 6 ta stadionlarda tayyorgarlik bosqichi soʻngi pallaga kirdi.
Joylarda abituriyentlarning xavfsizligini taʼminlash, test topshiriqlarini toʻla-toʻkis bajarish uchun kerakli boʻlgan shart-sharoitlar yaratib berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Fargʻona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev viloyatdagi oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlarini amaldagi qonun meʼyorlari asosida oʻtkazish bilan bogʻliq tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishdi, mavjud holatlar, bajarilishi zarur boʻlgan ishlar xususida maslahat, yoʻl-yoʻriqlar berdi.
Fargʻona davlat universitetining sport sogʻlomlashtirish markazida test sinovlarini oʻtkazish ishlariga puxta hozirlik koʻrilyapti. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 1300 nafar abituriyentlarning test topshirishlari uchun qulay boʻlgan sharoitlar yaratilgan. Viloyat hokimi abituriyentlarning sogʻlomlashtirish markaziga kirish, dezinfeksiya yoʻlaklari, tibbiy niqob va qoʻlqop, oq bosh kiyimlar bilan taʼminlash hamda antiseptik vositalaridan foydalanish jarayonlarini koʻzdan kechirdi.
- Bu yilgi test sinovlarida 134 ming nafardan ortiq abituriyentlarning ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda,-dedi viloyat hokimi. - Test sinovlari markaziy stadionlarda boʻlayotgani inobatga olib abituriyentlarga sharoitlar yaratish har jihatdan muhim. Test sinovlarini ijtimoiy masofa saqlagan holda hamjihatlik, uyushqoqlik bilan oʻtkazilishi shart. Bu ishlarga har bir hokim, muassasa rahbarlari shaxsan masʼul boʻlishlari talab etiladi. Hududlarda abituriyentlarni test sinovlariga olib kelish, yashash joylariga olib borib qoʻyish uchun 1500 dan ortiq maxsus avtobuslar ajratildi.
Viloyat hokimi universitetining sport sogʻlomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanish asnosida amaliy jarayonlarni vidokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilib, toʻliq shaffoflikni taʼminlash, kuzatish istagida boʻlgan ota-onalar, yaqinlar uchun qulay shart- sharoitlar yaratish muhim ekanligini taʼkidladi. Shu bois taʼlim muassasalari, ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, mahalla fuqarolar yigʻinlari masʼullari barcha abituriyent va ularning yaqinlari uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar haqida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish muhim vazifalardan ekanligiga eʼtibor qaratishlari zarurligini uqtirdi. Chunki test sinovlariga oz fursat qoldi.