Fargʻonada “Tadbirkorlar uyi” ish boshladi
Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida “Fargʻona tadbirkori – Fargʻonada islohotchi” tajribasi amalga oshirilayotgan boʻlib, bu borada muayyan natijalarga erishilmoqda.
Mamlakatimizda farovonlik va taraqqiyotga erishish yoʻlida tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlashga muhim eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Zero, faqat shu yoʻl orqaligina aholi farovonligi oshib, iqtisodiyot yana-da mustahkamlanadi. Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida “Fargʻona tadbirkori – Fargʻonada islohotchi” tajribasi amalga oshirilayotgan boʻlib, bu borada muayyan natijalarga erishilmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini uzluksizligini taʼminlash va eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvvatlash uchun 1 trillion soʻm aylanma mablagʻ uchun kreditlar ajratilyapti. Xususan, hozirga qadar 101 ta tadbirkorga xalqaro moliya institutlarining 210 milliard soʻmlik kreditlari berildi. Joriy yilda 8 mingga yaqin yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilmoqda.

Viloyat hokimligi tomonidan xayrli tashabbusga qoʻl urilib, Fargʻona shahrida “Tadbirkorlar uyi” oʻz faoliyatini boshladi. Uni tashkil etishdan asosiy maqsad har bir tadbirkor murojaatini belgilangan meʼyorlar asosida tezkorlik bilan ijobiy hal etish, tadbirkorga koʻmakchi va suyanch boʻlishdan iborat.
Bu yerda tadbirkorning barcha masalalari oʻz yechimini topishi uchun tijorat banklari, davlat xizmatlari markazi, qurilish, arxitektura va boshqa barcha masʼul idoralarning xodimlari joylashgan. “Tadbirkorlik uyi” faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish borish maqsadida uning telegram kanali, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifasi ochildi, tadbirkorlar uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati ham yaratildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov “Tadbirkorlar uyi”da yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi hamda shu yerda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
– 2020-2021-yillarda viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash eng asosiy vazifaga aylantiriladi, – deydi viloyat rahbari. –Tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, yordam berish, kerak boʻlsa, oyoqqa turguncha yordamchi boʻlishimiz kerak. Fargʻonada tadbirkorlik boʻyicha yangi tizim yaratiladi. Bundan buyon barcha sektor rahbarlari, masʼul idoralar “har bir tadbirkorga – koʻmakdosh, yelkadosh va madadkormiz!” mezoni asosida ish faoliyatimizni tashkil etamiz. Har bir idoraning kun tartibidagi ustuvor vazifasi – tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini hal qilishdan iborat boʻladi.

Shahar va tumanlardagi tadbirkorlar bilan videoselektor tarzida tashkil etilgan uchrashuvda ularni qiynayotgan muammolar, bildirilgan murojaatlarga eʼtibor qaratildi.
Xayrullo Bozorov tadbirkorlar faoliyatiga kimdir toʻsqinlik qilsa yoxud qaysidir jabhada koʻmak zarur boʻlsa toʻgʻridan-toʻgʻri oʻziga murojaat qilishlari mumkinligini bildirdi.