Fargʻonada radiouzellar ishlamoqda
Fargʻona viloyatining barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida radiouzellar tashkil etildi.
Fargʻona viloyatining barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida radiouzellar tashkil etildi.Mamlakatimizda aholi osoyishtaligini taʼminlash, mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari roli va mavqeini yana-da mustahkamlashga muhim eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish, fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilishida ularning zimmasidagi masʼuliyat yana-da katta.
-Aholini muhim yangiliklardan xabardor qilish, Prezident qaror, farmon va farmoyishlarini aholiga yetkazish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va oilaviy qadriyatlar, psixologik yordamlar koʻrsatish maqsadida mahalla fuqarolar yigʻinlari markazlariga radiouzellar tashkil qilindi,-deydi viloyat hokimi oʻrinbosari-Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Saidmurod Aminjonov. -Mazkur radiouzellarda belgilangan vaqt va dastur asosida mahalla fuqarolar yigʻini raisi, psixologlar, adliya boʻlimlari xodimlari chiqishilar qilmoqda.
Shuningdek mazkur radiouzel orqali koʻpni koʻrgan, tajribali keksa nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ham oila muqaddasligi, uni asrab avaylash, oilaviy ajrimlarni kelib chiqish sabablari va uni oldini olish hamda ota-ona va farzandlari, yaqin qarindoshlarning bir-birlariga munosabatlari, milliy qadriyatlarimiz haqida oʻzlarining pand-nasihatlarini berib kelmoqda.
Bugungi kunda mazkur radiouzellarda viloyatdagi 1041 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida mahalla xodimlari tomonidan aholining shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga amal qilishi, sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmasligi, karantin davrida qilinishi lozim boʻlgan muhim vazifalarni aholiga yetkazmoqdalar.