Faollik mas’uliyatni his qilish demakdir
Mamlakatimizdagi boshqa partiyalar yetakchilari qatori biz – O‘zLiDeP rahbarlari ham kuni kecha muhtaram Prezidentimiz bilan muloqot qildik. Samimiy, ochiq-oshkora kechgan uchrashuvda partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rni va rolini oshirish masalalari, bugungi kunda ular oldida turgan asosiy vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi. Davlat va jamiyat hayotiga doir keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning o‘rni kattaligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari siyosiy partiyalar faoliyati bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda chuqur tahlil qilinishi zarurligi, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish xususida ham fikr-mulohazalar bildirdi. Shundan kelib chiqib, partiyamiz faoliyatiga xolis nigoh tashlash, ayrim muammolar borligini tan olish, ularning yechimini izlash maqsadga muvofiq. Albatta, kichik bir maqolada partiyamizning keng miqyosli faoliyatini tahlil-tadqiq qilish, atroflicha bayon etishning imkoni yo‘q. Binobarin, faoliyatimizning bir necha yo‘nalishi, rejalarimiz va ayrim kamchiliklarni tilga olish bilan kifoyalanaman.
Mamlakatimiz har sohada yangilanish davrini boshdan kechirmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarga asoslangan Yangi O‘zbekistonni qurish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdi. Bu vazifa bajarilishini yuksak salohiyatli, barkamol yosh avlod ishtirokisiz tasavvur etish qiyin. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda kelajagimiz egalarining har jihatdan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga ulkan e’tibor berilyapti.
Partiyamiz a’zolarining qariyb 52 foizi 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.Shu bois mazkur yo‘nalishda samarador loyihalarni hayotga tatbiq etish asosiy maqsadimizdir. Xususan, yaqinda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyiliga asosan “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, foydali ishlarga jalb etish bo‘yicha yangi partiyaviy loyihalarni amalga oshirishni boshlaymiz.
Shu yil 28 yanvar kuni davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi Prezidenti bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi. Unda sanoatni rivojlantirish, zamonaviy AKT sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish haqida so‘z yuritilib, muloqot poyonida “To‘rtinchi sanoat inqilobi” jarayonlarida ishtirok etish, ilg‘or texnologiyalar hayotga tatbiq qilinishiga hissa qo‘shish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
E’tiborlisi, mazkur yo‘nalish saylovoldi dasturimizda belgilangan eng muhim vazifalar sirasiga kiradi. Ikki davlat hamkorligi partiyamizning bu boradagi ishlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Tegishli vazirlik va idoralar, partiya faollari, soha mutaxassislari va ekspertlar bilan birgalikda “To‘rtinchi sanoat inqilobi”ga o‘tish bo‘yicha dunyo mamlakatlari tajribasini o‘rganish va bu yo‘nalishda ish olib borayotgan komissiya faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqilayotgan dasturlarga takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan.
Partiyamiz ijtimoiy yo‘nalishda ham bir qancha tadbirlarni amalga oshiryapti. Xususan, ayollar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda joylarda “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida stol tennisi, kurash, voleybol, basketbol bo‘yicha turli musobaqalar tashkil etilmoqda.
Shunday masalalar borki, ular hal qilinishida partiyamiz bevosita ishtirok etishi lozim. Masalan, xususiy sektorda yaxshi mutaxassislar yetishmayapti. Biror mahsulot ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan tadbirkor yuqori malakali kadrlarga katta ehtiyoj sezmoqda. Bu ehtiyojni bilimdon mutaxassislar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish yo‘li bilan qondirish mumkin.
Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularga tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun davlat mulki ob’ektlarini sotishda byurokratik to‘siqlar hamon saqlanib qolmoqda. Partiya bu masalaga taalluqli ishlarini yanada jonlantirishi, yechimlar topish uchun manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda faol ish olib borishi taqozo qilinyapti.
Xalq bilan muloqot qilish, ular bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘yishda sustmiz. Bu muammo partiyamizda internet, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlaydigan, AKT texnologiyalarni yaxshi biladigan kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq. Saylov yilida bu kamchilik bizga pand berishi mumkin. Shu bois Murojaatnomada aks etgan vazifalardan kelib chiqib, partiyaning ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashr va veb-saytida saylovoldi targ‘ibotni kuchaytirish va bunda zamonaviy piar texnologiyalardan foydalanishni ko‘zda tutuvchi media-reja ishlab chiqdik. Faoliyatimizga xolis baho berish hamda uni keng yoritish maqsadida faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan jurnalistlarni hamda partiyaga turg‘un blogerlarni jalb qilishni maqsad qilganmiz.
bugungi kunda mahalliy Kengashlarda 2267 nafar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 53 nafar O‘zLiDePdan saylangan deputatlar faoliyat yuritmoqda. Son jihatdan eng katta deputatlik korpusiga egamiz, lekin vakillarimizning imkoniyat va vakolatlaridan to‘la foydalana olmayapmiz. Deputatlarimizning ko‘pchiligi birinchi marta saylangan, ularning muayyan qismini yoshlar tashkil etyapti. Ular o‘z burch va huquqlarini to‘la anglashi uchun siyosiy o‘quvlarni ko‘paytirishimiz zarur. Har oyda partiyaning Siyosiy ta’lim markazi tomonidan deputatlar uchun o‘quvlarni tizimli tarzda tashkil etamiz. Bu o‘quvlar orqali nafaqat deputatlar, balki partiya tashkilotlarining 602 nafar xodimi, 14 mingdan ziyod partiya faoli qamrab olinadi.
Oldimizda jiddiy va dolzarb vazifalar turibdi. Prezidentimiz kuni kecha bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot og‘ida partiyalarning jamiyatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rni va rolini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratganliklari, shuningdek, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, ayniqsa kambag‘allikni qisqartirish hamda iqtisodiyotimiz lokomotivlari hisoblangan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali bu sohani yuksak darajada rivojlantirish, odamlarni ish bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan bir paytda qabul qilinayotgan qonunlar, dasturlar ijrosini nazorat qilish parlament palatalari va mahalliy kengashlar, jumladan, partiyalarga ham katta mas’uliyat yuklashini chuqur his etdik.
Bir so‘z bilan aytganda, uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar, o‘rinli takliflarni faoliyatimizga qisqa fursatda joriy etamiz. Xalq bilan, saylovchilar bilan, partiyamizning har bir a’zosi, tarafdorlari, xayrixohlari bilan yanada yaqin bo‘lib, yangi-yangi maqsadlar ro‘yobi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Zotan, bundan buyog‘iga xalq ishonchini oqlash – birinchi galdagi vazifamizga aylanadi.
Aktam Haitov,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya
qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasi rahbari