Faoliyatimiz samarasi birdamlik va intizomda...
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini taʼminlash maqsadida tizimli ishlar qilinmoqda.
Munosabat
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini taʼminlash maqsadida tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va xalqimizga murojaati ayni paytdagi vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimizning mazkur farmoni tufayli karantin davrida tadbirkorlik faoliyatining yana-da qoʻllab-quvvatlanishi, ayniqsa, kredit toʻlovlar, soliqqa oid masalalar boʻyicha imtiyozlarning yaratilgani ishlab chiqarish sohasida mehnat samaradorligi yana-da oshishiga xizmat qilmoqda. Yurtboshimiz rahbarligida barchasi izchil va qatiyat bilan davom ettirilayotgan islohotlar negizida faqat va faqat inson manfaatiga qaratilgan amaliy natija, oʻz xalqi uchun qalbi otashdek choʻgʻ boʻlib yonayotgan fidoyilik turganligi har birimizni chuqur mulohaza qilishga undaydi.
Darhaqiqat, bugun insoniyat oʻz tarixida ilk bor nafaqat farovonligi, balki odatiy turmush tarziga tahdid solayotgan jiddiy xavf bilan yuzma-yuz turibdi. Mana shunday vaziyatda hamjihatlik bilan qadam tashlamasak, Yurtboshimiz daʼvatiga chin dildan amal qilmasak, bu ofat balosidan qanday chiqib ketamiz. Barchamizga maʼlumki, dunyo hamjamiyatida koronavirus kasalligi boʻyicha vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Mamlakatimizda kasallik keng koʻlamda tarqalib ketmasligi uchun bemorlar va ular bilan muloqotda boʻlganlarni hamda epidemik noxush hududlardan olib kelingan shaxslarni alohidalash tadbirlari nechogʻlik toʻgʻri oʻtkazilganligiga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.
Ayni kunlarda insonlarning shirin joniga chang solayotgan koronavirus infeksiyasi har bir insonni yana-da ogoh va sergak boʻlishga, ertamiz uchun sabr qilishga undashi hamda kelajakdagi goʻzal hayotimiz uchun birgalikda, yakdillik bilan borishimiz zaruratini uqtirmoqda. Shunday ekan, har birimiz karantin tadbirlariga toʻliq rioya qilishimiz, ortiqcha muloqotdan cheklanishimiz, eng asosiysi, uyda qolishimiz kerak! Qachonki, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga yuqishiga yoʻl qoʻymasak, epidemik vaziyatni jilovlay olamiz. Aks holda, vaziyat murakkabligicha qoladi.
Davlatimiz rahbarining keng qamrovli, har bir inson, xalqimiz va har birimizning manfaatimizga yoʻnaltirilgan amaliy siyosatidagi ezgu niyatlarni koʻnglimizga joylab, karantin vaqtida, alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlikka muhtoj aholining nochor qatlamini qoʻllab-quvvatlash ham bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Barcha jamoat tashkilotlari va koʻngillilar qatori kasaba uyushmalari ham ijtimoiy koʻmakka muhtoj insonlar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va uning joylardagi hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda bir qator ezgu ishlarni amalga oshirmoqda.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, tarmoq tuman, shahar kengashlari va yirik boshlangʻich tashkilotlarning kasaba uyushma qoʻmitalari tomonidan mahalla idoralari orqali shakllantirilgan manzilli roʻyxatdagi yurtdoshlarimizga 34 million 111 ming soʻmlik oziq-ovqat mahsuloti jamlamasi masʼul xodimlar tomonidan Moʻynoq, Boʻzatov, Ellikkalʼa, Toʻrtkoʻl, Shumanay tumanlarining olis hududlariga manzilli yetkazildi. Bundan tashqari, barcha sanoat, masʼuliyati cheklangan jamiyati koʻrinishidagi tashkilotlarda xizmat qilayotgan 60 yoshdan oshgan va surunkali kasalligi boʻlgan ishchi-xodimlarni yuz foiz mehnat taʼtiliga chiqarish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni nazorat qilish ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq.
Alohida eʼtirof etish lozimki, bu davlatimiz rahbarining yana bir bor xalqimizga murojaatida oʻz aksini topgan vazifalar barcha vatandoshlarimizning, har birimizning vazifamiz desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda jipslashish va birdamlik nafaqat bugungi kunimizning haqiqati, balki oliy qadriyat va buyuk kelajak sari borayotgan Oʻzbekistonimizning barcha sohadagi strategiyasidir.
Buni barchamiz chuqur anglashimiz va targʻibot qilishimiz zarur deb hisoblaymiz. Muxtasar aytganda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida yuzaga kelgan vaziyatdan chiqa olishimizga ishonamiz hamda vazifalarni birgalikda samarali ijro etamiz.
Ulugʻbek JALMENOV,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi, Qoraqalpogʻiston
Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati.