Faol va ilg‘or xodimlarga “Mahalla iftixori” nishoni topshirildi
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Mahalla xodimlari kuni Andijonda ham keng nishonlandi. Faol va ilg‘or mahalla tizimi xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida viloyat hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, Mahallalar uyushmasi viloyat rahbari Muhammadjon Nishonov ishtirokchilarni bayram bilan muborakbod etdi.
Mahalla odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan, barcha ezgu hamda xayrli ishlarga tamal toshi qo‘yiladigan maskan hisoblanadi. Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati, huquqiy-demokratik davlatga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda aynan mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta.
Bugun Andijon viloyatida 909 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatmoqda. Oilalarni mustahkamlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi daromadini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlar tarbiyasi, mahallalarni obod maskanlarga aylantirishda mahalla fuqarolar yig‘inlari, xususan, tizim xodimlarining o‘rni va roli nihoyatda katta. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishdagi ishlarning “mahallabay”, “xonadonbay” tizimi asosida olib borilayotganligi yuqori samaralar bermoqda.
Tadbirda tizimda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan 14 nafar andijonlik soha fidoyilariga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-22428]
– Mehnatlarim e’tirof etilib, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilganimdan behad mamnunman, – deydi Bo‘ston tumani “Pillakor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oydinxon Bakirova. – Ushbu mukofotni nafaqat menga, balki mahallamiz yettiligiga, faollariga berilgan mukofot, deb bilaman. Chunki hamkorlikdagi ishlarimiz tufayli ijobiy natijalarga erishyapmiz. Qolaversa, ushbu mukofot menga ulkan mas’uliyat yuklaydi, mahallamiz obodligi, yurtimiz rivoji yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishga harakat qilaman.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA