Faol tadbirkorlar mehnati e’tirof etildi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan yetti nafar navoiylik tadbirkorni taqdirladi.
Mukofotlarni topshirar ekan, yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kunda viloyatda 19 ming 996 ta tadbirkorlik sub’ekti mavjud bo‘lib, birgina joriy yilning 7 oyi davomida 2 ming 471 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat boshlagan. Xususan, yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 500 million so‘mdan grant ajratilishi, 1 oktyabrdan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti – “tax-gap”ning bekor qilinishi, 2024 yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinishi, bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatilishi tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishiga imkon yaratadi.
[gallery-13220]
– 2018 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida bitta ish o‘rni bilan yumshoq o‘yinchoqlar yasash bo‘yicha faoliyat boshlagan bo‘lsam, yil sayin yangi ish o‘rinlari sonini ko‘paytirib bormoqdaman, – deydi “CHADOS-2009” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibasi Latofat Husanova. – 2019 yilda uchta yoshni ish bilan ta’minladim. 2021 yil 7 nafar uyushmagan yoshlar, 2022 yil 13 nafar ishsiz ayollarni hamda 5 nafar nogironligi bor bo‘lgan ayollarga ish o‘rni yaratdim. 2022 yilda esa ikkinchi yangi seximiz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 5 nafar xotin-qizlarga ish o‘rni yaratildi. 2020 yildan boshlab Navoiy viloyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazida ishsiz ayollarga “Milliy hunarmandchilik” yo‘nalishida hunar o‘rgatib kelmoqdaman.
Tadbirda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishonini olganlar mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va qulayliklar uchun yurtboshimizga minnatdorlik bildirdi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA.