Faol ayollarning JICA vakillari bilan uchrashuvi
Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Yaponiyaning JICA xalqaro tashkiloti vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv “O‘zbekiston Respublikasida energiya tejashni rivojlantirish loyihasiga tayyorgarlik ko‘rish“ loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasining “Gender tengligini baholash“ yuzasidan bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Zulayho Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, gender tenglikni ta’minlash borasida erishilayotgan natijalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.
Sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi. So‘nggi 5 yillarda 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani bunga yorqin misoldir.
Yangilangan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, jumladan, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi qoidalar mustahkamlandi.

“Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi.
Gender tenglik siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va uni to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar mo‘ljallangan gender Strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Qonunchilikka normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan o‘tkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar kiritilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.
Islohotlarni samarali amalga oshirishda ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli hamda ta’sirini keskin oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Do‘stona, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida ayollarga qulay sharoit yaratish va ularning imkoniyatlarini kengaytirishga oid loyihalar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
N.Usmonova,
O‘zA