Fanlar akademiyasi: Muzey fondlaridagi tafovutlar o‘rganilmoqda
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi fondlarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish, muzey faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi hamda mavjud binodan kelgusida foydalanish masalalari yuzasidan turli fikr va mulohazalar bildirilmoqda.
Shu munosabat bilan Fanlar akademiyasi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:
“Muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish ishlari milliy adabiy merosimizni asrab-avaylash, nodir manbalarning butligi va xavfsizligini ta’minlash hamda ularni xatlovdan o‘tkazish maqsadida amalga oshirilmoqda. Muzeyning qo‘lyozma va toshbosma manbalari, shuningdek, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallarni ko‘chirish belgilangan tartibda tashkil etilmoqda.
Birlamchi xatlovdan o‘tkazish jarayonida dastlabki hisob ma’lumotlari bilan muzey ashyolarining aniqlangan miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘rtasida ayrim tafovutlar qayd etilgan. Jumladan, nodir qo‘lyozmalar, toshbosma nashrlar hamda O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxiviga oid materiallar soni bo‘yicha farqlar aniqlangan.
Ma’lumot uchun: 2026-yil 9-iyun kuni muzeyning “Nodir qo‘lyozmalar va toshbosmalar” fondida doimiy saqlovda bo‘lgan ro‘yxat asosidagi 847 nomdagi nodir qo‘lyozma manbalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan. Topshirish-qabul qilish ishlari mas’ul komissiya ishtirokida amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, fondlarni birlamchi xatlovdan o‘tkazish jarayonida dastlabki hisob ma’lumotlari bilan mavjud ashyolarning miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘rtasida ayrim tafovutlar aniqlangan. Jumladan, nodir qo‘lyozmalar soni 831 ta o‘rniga 847 ta, toshbosma nashrlar 1 334 ta o‘rniga 1 491 ta, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar esa 173 ta o‘rniga 189 ta ekani qayd etilgan. Shuningdek, shaxsiy fond bo‘yicha 1 million 450 ming 188 ta hujjat hisobga olingan.
Ayni paytda ushbu tafovutlarning sabablarini aniqlash maqsadida mavjud hisob hujjatlari, inventar kitoblari va fond ro‘yxatlarini o‘zaro solishtirish ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalari asosida ma’lumotlar belgilangan tartibda aniqlashtiriladi va rasmiylashtiriladi. Tafovutlarning sabablari to‘liq o‘rganilmasdan turib, ular yuzasidan qat’iy xulosa chiqarish maqsadga muvofiq emas.
Muzey tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, muassasa xodimlari o‘z faoliyatini davom etmoqda. Fondlarni xatlovdan o‘tkazish, hujjatlarni aniqlashtirish va muzey ashyolarini muhofaza qilish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Muassasaning Yangi Toshkent hududida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi binosi foydalanishga topshirilgach, fondlarni unga ko‘chirish va muzey faoliyatini davom ettirish ko‘zda tutilgan. Muzeyning mavjud binosidan kelgusida foydalanish masalasi tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan, belgilangan tartib va qabul qilingan qarorlar asosida hal etiladi.
Fanlar akademiyasi muzey fondlarining saqlanishi, ularning hisobini yuritishda aniqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, muzeyning kelgusi faoliyatini samarali tashkil etish zarurligini ta’kidlaydi.
Madaniy merosni asrab-avaylash nafaqat tegishli muassasalarning, balki butun jamiyatning muhim vazifasidir. Shu bois muzey fondlarining holati, xatlov natijalari, ashyolarning saqlanish sharoitlari va muzeyning kelgusi faoliyatiga oid masalalarda aniq va to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish muhim hisoblanadi.
Jamoatchilik tomonidan muzey faoliyatiga bildirilayotgan e’tibor, fikr va takliflar uchun minnatdorchilik bildiramiz. Milliy adabiy merosimizni asrab-avaylash, nodir manbalarni ishonchli muhofaza qilish va ularni kelajak avlodlarga asl holida yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarimizda jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi va bildirilayotgan takliflar muhim ahamiyat kasb etadi”.
O‘zA