Fan olimpiadalarida erishilgan yutuqlar tahlil etildi, galdagi vazifalar belgilandi
Poytaxtimizda "Fan olimpiadalarida erishilgan yutuqlar va yurtimizda o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik jarayonlari" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fan sohasidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda xalqaro fan olimpiadalariga tizimli tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Natijada O‘zbekiston xalqaro fan olimpiadalarida nafaqat ishtirokchi, balki yuqori natijalarni qayd etayotgan davlatlardan biriga aylandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 1997-2015-yillar davomida matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda jami 49 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, 2016–2025-yillarda bu ko‘rsatkich 78 taga yetdi. Eng muhimi, oltin medallar soni 2 tadan 9 taga oshdi.
2019-yildan boshlab iqtidorli yoshlarni aniqlash va tayyorlashning yangi tizimi joriy etilishi natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda medal sohiblari safidan mustahkam o‘rin egallay boshladi.
2023-yilda o‘quvchilarimiz tarixiy natijaga erishib, asosiy xalqaro fan olimpiadalarida 13 ta medalni qo‘lga kiritdi. 2024-yilda esa natijalar yanada yaxshilanib, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda 120dan ortiq medal qo‘lga kiritildi. Shundan 61 tasi nufuzli xalqaro fan olimpiadalariga to‘g‘ri keladi.
Mazkur yutuqlarning asosida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Fan olimpiadalari markazi faoliyati turibdi.
Prezidentimizning 2024-yil 30-sentabrda qabul qilingan qarori asosida tashkil etilgan ushbu Markaz qisqa vaqt ichida xalqaro olimpiadalarga tayyorlashning zamonaviy tizimini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda mahalliy va xorijiy trenerlar ishtirokida kuchaytirilgan o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda, xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati esa 22 tadan 29 tagacha kengaytirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro fan olimpiadalarining faol mezboniga ham aylanmoqda.
2026-yilda mamlakatimizda 8 ta xalqaro va mintaqaviy olimpiada o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning uchtasi muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Namangan viloyatida o‘tkazilgan II Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida 12 davlatdan 94 nafar o‘quvchi qatnashdi. O‘zbekiston terma jamoasi 11 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan "Buyuk Sharq Renessansi" xalqaro olimpiadasida O‘zbekiston umumjamoa hisobida mutlaq g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida 23 davlatdan 221 nafar ishtirokchi qatnashdi va o‘zbekistonlik o‘quvchilar 57 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Bu natijalar mamlakatimizning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Fan olimpiadalarini rivojlantirish bo‘yicha yana bir muhim yo‘nalish — tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish.
Bugungi kunda ko‘p bosqichli saralash tizimi joriy etildi, milliy terma jamoalar uchun muntazam o‘quv yig‘inlari tashkil qilinmoqda, xalqaro ekspertlar jalb etilmoqda, g‘oliblar va ularning ustozlarini rag‘batlantirish tizimi sezilarli kuchaytirildi.
Bundan tashqari, 5-8-sinf o‘quvchilarini erta aniqlash, «Intellektual oromgohlar» tashkil etish hamda xalqaro standartlarga mos masalalar to‘plamlarini nashr etish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga ega. 10-19-iyul kunlari Toshkent shahrida tarixda ilk bor 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur olimpiada dunyoning eng nufuzli fan musobaqalaridan biri bo‘lib, unda 95 dan ortiq davlat delegatsiyalarining ishtiroki kutilmoqda. Olimpiada doirasida 371 nafar o‘quvchi,185 nafar jamoa rahbari, o‘nlab xalqaro ekspertlar, kuzatuvchilar va mehmonlar mamlakatimizga tashrif buyuradi.
Nazariy bosqich «Central Asian Expo Uzbekistan» majmuasida, amaliy bosqich esa O‘zbekiston Milliy universitetining zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilingan Kimyo fakulteti laboratoriyalarida o‘tkaziladi.
Bugungi kunga qadar xalqaro olimpiadaga tayyorgarlikning barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yakunlandi. Ilmiy va tashkiliy qo‘mitalar shakllantirildi, xalqaro platformalar ishga tushirildi, laboratoriyalar to‘liq jihozlandi, mehmonxonalar, transport, ekskursiyalar, volontyorlar faoliyati va barcha tashkiliy masalalar bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borildi.
Bugungi kunda ro‘yxatdan o‘tish platformasi orqali yuzlab ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, aksariyat delegatsiyalar O‘zbekistonga tashrifini tasdiqlagan.
Ishonch bilan aytish mumkinki, 58-Xalqaro kimyo olimpiadasinafaqat ilmiy musobaqa, balki O‘zbekistonning ta’lim tizimi, ilm-fan salohiyati va xalqaro nufuzini namoyon etuvchi muhim xalqaro maydonga aylanadi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
N.Usmonova, O‘zA